Yanvar oyida quruq va nisbatan iliq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda

"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi oyi harorat tartibi bo‘yicha me’yorga yaqin, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘ladi.

Qayd etilishicha, yanvar quruq va nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Mazkur oyning birinchi besh kunligida O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 1-3 yanvar kunlari kunduzgi havo harorati +6...+11 daraja atrofida, 4-5 yanvar kunlari esa 1-3 yanvarga nisbatan +3...+5 darajaga yuqori bo‘ladi.

Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechalari +0...+5 darajadan -8...-3 darajagacha, kunduz kunlari +10...+15 darajadan 0...+5 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Harorat kechalari qisqa davrga -13...-10 darajagacha pasayishi va kunduz kunlari +16...+18 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oxirida, shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida kutilmoqda. Umuman olganda, oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.