Yaponiya davlatlar bilan hamkorlik qilishda qo‘g‘irchoq teatrlariga e’tibor qiladi. Nega?

O‘zining iqtisodiyoti, fan va texnologiyasi bilan rivojlangan mamlakatlardan biri Yaponiya boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa, albatta, o‘sha mamlakatda bolalar teatri bor-yo‘qligiga e’tibor qilar ekan. Sababi, o‘z milliy madaniyati va san’atini e’zozlab, ma’naviy va estetik didni yosh avlodlar ongida shakllantirishga e’tibor berayotgan yurtning kelajagi borligi, shubhasiz.
Bundan bir asr oldin yashagan atoqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning jamiyat ongini tarbiyalashda maktab, ilm-ma’rifat va san’atning ahamiyati naqadar muhim ekanligi haqidagi g‘oyalari asosida Samarqandda teatr san’atiga tamal toshi qo‘yilgan edi. 1914 yil 15 yanvarda sahna yuzini ko‘rgan ilk spektakl "Padarkush"dramasi orqali jamiyatimizdagi illatlar, ilmsizlik, johillik va ularning salbiy oqibatlarini sahnadan turib, tomoshabin ko‘z o‘ngida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuz berayotgan ibratli voqealar orqali tarbiyalash san’ati o‘sha davr uchun chinakam inqilobiy rivojlanish, yuksalish edi.
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy san’atimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, kelajak avlodning ongiga singdirish, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rnini mustahkamlash kabi vazifalarni qamrab oldi. Barcha sohalar qatorida teatr san’atiga ham berilayotgan alohida e’tibor, xususan, viloyatlarda faoliyat yuritayotgan qo‘g‘irchoq teatrlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil etish rejalari, kelajak avlodning ma’naviy tarbiyasiga qaratilgan yuksak e’tibor, deb bilaman.
Darhaqiqat, murg‘ak qalblarda ezgulik, mehribonlik, ilm olish, kattalarga hurmat, Vatanga muhabbat kabi xalqimizga xos ming yillik fazilatlarni shakllantirishda bolalar teatrlarining o‘rni beqiyos. Keyinchalik bu madaniyatli, ziyoli, teatr tomoshabinlari auditoriyasining shakllanishiga ham zamin yaratadi.
Qirq yildan buyon Samarqand drama teatri, keyinchalik musiqali drama teatrida faoliyat yuritaman, qanchadan-qancha ulug‘ sahna ustalari, ustoz san’atkorlar bilan ishlash, ularning mahorat maktabidan bahramand bo‘lish nasib etdi. Hech ikkilanmay ayta olamanki, ma’naviy ozuqa olishda teatrning o‘rni katta. Teatr - inson hayotining ichki va tashqi dunyosini, undagi turli nuqson, illatlarni yaqqol aks ettiruvchi oyna.
Farmonda ko‘zda tutilgan xususiy teatr va teatr studiyalari faoliyatini rivojlantirishning ahamiyati shundaki, endi jamoalar orasida ijodiy raqobat, badiiy jihatdan yuqori saviyadagi san’at asarlari yaratilishi uchun astoydil mehnat qilishga, yangi g‘oyalar, zamon talablariga mos, yangi uslub va shakllar topishga, ijodiy izlanishlarga undaydigan mehnat tizimi shakllanib boradi.
Qilinajak islohotlar, belgilanayotgan vazifalar mazmun-mohiyatini chuqur his qilgan teatr jamoalargina ijodiy salohiyati, o‘z uslubi va o‘ziga xos mahorat maktabini saqlab, mukamallashib boraveradi.
Baxtiyor RAHIMOV,
Samarqand viloyati musiqali drama teatri badiiy rahbari.