Yaponiyada hamma to‘kis yashaydimi?

Kunchiqar mamlakat hayoti jamiyati haqida 1000 dan oshiq maqolalar yozgan bo‘lsam, shu maqolalarning izohlar qismida eng ko‘p duch kelganim: "Yaponiya rivojlangan davlat bo‘lsa, qanday qilib oylikdan-oylikka yashaydi. Bo‘lishi mumkin emas!" degan izohlar bo‘lgan!
Ha, azizlar, Yaponiyada OYLIKDAN-OYLIKKAChA amal-taqal qilib yashaydigan aholi juda ko‘p. Shunchaki, bizda "Yaponlar boy yashaydi. O‘tning bo‘lig‘i, suvning tinig‘i, salkam Susambil" degan tushuncha paydo bo‘lib qolgan. Aslida unday emas! Keling, bugun Yaponiya haqidagi tasavvurlarga bir-ikki "shapaloq" tushiramiz!
Yaponiyada 15-20 million aholi haqiqiy - yeyishga noni yo‘q, kambag‘al bo‘lib yashaydi. 40 milliondan ortiq aholi - oylikdan oylikkacha, yetar-yetmas bo‘lib yashaydi. Olayotgan maoshi xarajatlariga yetadigan aholi - turmush qurmagan, yolg‘iz yashaydigan qatlam. Yapon jamiyatining boy qatlami, xuddi boshqa joylardagi kabi juda kam, 10 foiz atrofidagi aholi.
"Nega olayotgan oyliklari yetmaydi?", desangiz, Yaponiya soliqlar mamlakati. Olayotgan maoshining 30-40 foizi soliq, sug‘urta kabilarga ushlab qolinadi. Shuning uchun qaysi yaponni ko‘rmang, xarajatlarni minimallashtirishga harakat qiladi.
Qayerga bormang, kambag‘allar uchun oshxonalar, kambag‘allar uchun kiyim-kechaklar, kambag‘allar uchun do‘konlarni uchratishingiz mumkin. Qaysi yaponni ko‘rmang, hukumatdan norozi. Soliqlarni tushir, xalqqa yordam ber, yengilliklar ber, deb nolib yurishadi.
Eng hayratlanarli faktlardan biri - yaponlarda eski-tuski kiyimlar, uy jihozlari, ikkinchi qo‘l mahsulotlarni sotib olish madaniyat darajasiga chiqqan. Birgina mana shu holat ham - yapon jamiyatining OYLIKDAN OYLIKKAChA amal-taqal qilib yashayotganini ko‘rsatadi.
Ana endi rasmga qarang. Siz rasmda ko‘rib turgan qutilarning ichida bolalar kiyimlari solingan. Qutilarga "Falon razmerdagi kiyimlar bor. Muhtoj insonlar, xijolat bo‘lmasdan olib ketavering", deb yozib qo‘yishgan. Shunday "yaponcha ehson"larga tez-tez ko‘zingiz tushadi. O‘ziga to‘q insonlar uylarining oldiga oziq-ovqat, idish-tovoq, kiyim-kechaklar, uy-ro‘zg‘or buyumlarini olib chiqib qo‘yib qo‘yishadi. Muhtojlar olib ketishadi. Xalq bir-birini shunday yo‘sinda qo‘llab-quvvatlaydi.
Shunaqa gaplar, aslzodalar. Xulosologiya fanlari doktori - Nipponiydan xulosani kutmay, o‘zingiz xulosa chiqaring. Aytgancha, ehson masalasida bizning xalq ham anoyilardan emasku-ya, ba’zida aynib qolamiz-da. "Kerak bo‘lib qoladi", deb yig‘avermasdan, ishlatmaydigan narsalaringizni muhtojlarga berib yuboravering. Faqat, Mardon ko‘mirqalbga o‘xshab, eshakka ham to‘qim qilib bo‘lmaydigan, keraksiz, 120 yillik matohlarni emas, rostdan ham foydalansa bo‘ladigan narsalarni ehson qilasiz, degan umiddamiz! Unutmang, jamiyat charxpalak kabi bo‘ladi. Hamma birgalikda rivojlanish mumkin. Boshqa imkoni yo‘q!
Bahodir Iskandarov.