Yaponiyadagi vatandoshdan xat: Biror marta “bu falon joylik”, “bu poytaxtlik” degan gapni ko‘rmadim

Yaponiyada yangi yilni 1-kuni zilzila bo‘lganligi haqida xabar bergan edim. 7 ballik zilzilada o‘lganlar soni 100 nafardan oshdi. Bir xil zilzilada Turkiyada 50 mingdan oshgan edi. Yaponlarni qurilish sifati zo‘rligi, nazorat kabilar haqida gapirmoqchi emasman. Bir qator boshqa jihatlarga to‘xtalmoqchiman.

Shu zilzila bo‘lgani sababli, boshqalarni munosabati haqida gapirmoqchiman. 

Yaponiyada yangi yildan keyin "Shinnenkai" juda ommalashgan. Shinnenkai degani - Yangi yilni yaxshi kutib olish uchun kompaniya hodimlari uchun uyushtiriladigan bazm. Oldin aytganimdek, Yaponiyadagi bazmlar "Kanpai" bilan boshlanadi. "Kanpai" degani bizdagi "Qani oldik" degandek gap. 

Xullas, hozir, shunaqa bazmlar, bayramlar, "Kanpai" deb boshlab, o‘lguncha ichadigan bazmlar mavsumi. Ammo, Yaponlarni shu hislatini hurmat qildim. Qanchalik muhim tadbir, bazm bo‘lmasin Yaponlar har tadbirni "Motam" bilan boshlashayabdi. "Yaponiyaning falon hududida 100 kishi o‘ldi, bayram qilish yarashmaydi" deb har bir tadbirini, nishonlash bilan emas, o‘lganlarni, o‘sha hududdagi odamlarni eslash bilan boshlashyapti. Xursandchilik, o‘yin-kulgu qilishmayabdi. To‘y-bazmlarni rad qilishyapti. 

Shularni ko‘rib, haqiqiy jamiyat, bir-birini xurmat qilish, bir xalq bo‘lish, bir yoqadan bosh chiqarish nimaligini tushundim. Tasavvur qiling, Surxondaryoda nimadir falokat bo‘lsa, Toshkentda turib hamdard bo‘la olasizmi? 

Yaqinda, bir san’atkor chiqib, "Viloyatliklar Toshkentni havosini bulg‘ayabdi" deganda jinni bo‘lib qolay dedim. "Hey, bittagina Tokioda butun O‘zbekistonni aholisi yashaydi. Kamiga, 10 millionga yaqin xorijlik immigrantlar yashaydi, nimalar deyabsan" degim keldi. 

Yaponiyada, Tokioda 15 daqiqada "Propiska"ga kirasiz. Qaysi millat, qaysi viloyat vakili bo‘lishingizni farqi yo‘q. Shu paytgacha birorta yaponni falon viloyatlik, falon joydan deganini eshitmadim. Haqiqiy jips millat bo‘la olishgan. "Yaponiyalik" degan brendni yarata olishgan. Huddi "Amerikalik" degandek.

 Nega biz haligacha "O‘zbekistonlik" degan brendi yarata olmadik? Viloyatlik, falonlik-fustonlik deb bir-birimizni kamsitish bilan bandmiz. Negaki, siyosiy tizim uchun shunisi qulay, xalq birlasha olmaganligi qulay. Bir-birini ajratadigan, mahalliychilik urchigan jamiyat qulay! 

Ey, O‘zbekistonliklar birlashaylik! Joyga qarab, viloyatga qarab ajratmaylik! Aks holda, holimiz tang. Yaponlar falonda, Amerikaliklar falonda deb, o‘zingizni aldamang. Yaponlar ham arzimagan 50-60 yilda to‘g‘ri tizimni yo‘lga qo‘yib, hozir dunyoda birinchi raqamli millatlardan biri bo‘lib turibdi. Ehhhh....

Bahodir Iskandarov, Tokio.