Yaponiyalik sayyohlar tantanali kutib olindi

– O‘tgan yil davomida o‘nta charter reys orqali Yaponiya fuqarolarining yurtimizga sayohati uyushtirilgan bo‘lsa, bu yil qatnovlar sonini 15 taga yetkazish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. –

Ushbu sayohatlar orqali 3000 ga yaqin yaponiyalikning yurtimizga kelishi kutilmoqda. Sayyohlar bir hafta davomida Samarqand, Buxora, Xiva va Toshkent shaharlarida bo‘lib, tarixiy-madaniy yodgorliklar, milliy an’ana va qadriyatlarimiz bilan tanishadi. Bu yil sayyohlik yo‘nalishlari va dasturlarini mehmonlarning talab va istaklari asosida, ularning qiziqishlariga qarab tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Yaponiyalik sayyohlar uchun ertaga kechki dasturda Samarqand shahridagi Registon maydonida mahalliy usta-hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, milliy liboslar namoyishi, folklor jamoalarining chiqishlari hamda 3D shou tomoshasi rejalashtirilgan.

– O‘zbekiston, Samarqand deyilsa har bir yaponiyalik, avvalo, qadimiy Buyuk ipak yo‘lini yodga oladi, – deydi “All season” turistik kompaniyasi vakili Kavakami Kodzuxisa. – Shuning uchun bu mamlakatga kelishga havasmand kishilar bizda juda ko‘p. Lekin shu paytgacha viza tartiblari tufayli ko‘pchilik sayohatga chiqishga ikkilanardi. Endilikda  Yaponiya fuqarolariga O‘zbekistonda bir oygacha vizasiz tartibda bo‘lish  huquqining berilishi sayyohlar oqimining ancha ko‘payishiga imkoniyat yaratadi.

Baxtiyor MUSTANOV.