Yarim tundagi qo‘ng‘iroq
Bu voqea uch kun avval sodir bo‘ldi. Keksalikdanmi yoki tashqari sovuqligidanmi, bilmayman, ko‘zim barvaqt ilinib qattiq uyquga ketibman. Uyali telefonimning tinimsiz jiringlaganidan uyg‘onib ketdim.
Qarasam soat 00:58. Telefonim ekranida “Azamat gaz” degan yozuv chiqib turibdi. Bu raqam egasi Paxtachi tumani gazlashtirish idorasida ishlovchi xodim, bir paytlar men yashayotgan tumandagi Amir Temir mahallasida gaz uchastkasi noziri edi.
Uyqusirab telefonni qulog‘imga tutdim.
- Allo, allo, Jo‘raqul buva. Anomal sovuq sabab Markaziy gaz ta’minotida qisqa muddatli nosozlik ro‘y berib, tarmoqda gaz kutilmaganda o‘chib oldi. Bu avariyani zudlik bilan bartaraf etdik. Shu sabab gaz pechka yoki bug‘ qozoningiz “gorelka”si o‘chib qolgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir olib, qo‘ng‘iroq qilyapman...
Telefondan kelayotgan boshqa so‘zlar qulog‘imga kirmadi. Darhol tashqariga - gazxonaga otildim. Chindan ham bug‘ qozonidan vishillab gaz chiqib, gazxona gaz hidiga to‘lib ketibdi. Birdan jo‘mrakni yopdim. Qoidaga rioya qilib, 3-4 daqiqa eshikni ochib qo‘yib, pechkani yoqmay turdim. O‘g‘lim, kelinim va nabiramni ham yarim tunda «trevoga» qilib uyg‘otdim. Chunki hovlidan sasiyotgan gaz hidi deraza orqali ichkariga ham kirgan ekan.
Birgalashib xonalarni shamollatdik. Xullas, yarim tunda biroz bezovta bo‘ldig-u ammo talafot ko‘rmadik.
Bolalarga “Endi xotirjam uxlanglar”, dedim-u o‘zimning ko‘zimga uyqu kelmadi. Negadir ko‘z oldimga ogohlantirishsiz gaz va elektr energiyasining o‘chib-yonishi, gaz bosimining pasayib-ko‘tarilishi, is gazi kabi holatlar sodir bo‘lishi keldi. Buning oqibatida odamlarning turli xilda jabr ko‘rgan, halok bo‘lgan holatlarini tasavvur qilib, tanamdan sovuq ter chiqib ketdi.
O‘ylab qoldim: nega ko‘p hollarda ushbu tizim mutasaddilari gaz va svet o‘chirilishidan odamlarni vaqtida ogohlantirmaydi? To‘g‘ri, ayrim paytlarda jiddiy uzilishlar bo‘lganda telegram kanallari orqali e’lon berishadi. Ammo u bilan ish bitmaydi-da. Bir, ikki soat yoki besh-o‘n daqiqa o‘chirishlarda hech bir elektr yo gaz idorasi mas’ullari bundan odamlarni ogoh etmaydi.
Telefon orqali odamlarga bittama-bitta aytib chiqish murakkab ish, buning uddasidan chiqish qiyin. Lekin bu tarmoq xodimlari, rahbarlari, shu tizimda ishlab, ro‘zg‘or tebratayotganlar boshidan do‘ppisini olib, ta’minotda uzilish bo‘lganda albatta tezkorlik bilan bu haqda har bir iste’molchini xabardor qilish mexanizmini ishlab chiqishi shart. Fikrimcha, bu ularning kasbiy burchi!
Jo‘raqul Narzullayev,
mehnat faxriysi.