Yashash xonadonida qimorxona ochgan shaxs ushlandi
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 4 may kuni IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yorqin ko‘chasida yashovchi O.A. yashash xonadonida qonunga xilof ravishda qimorxona tashkil qilib, tanishlari M.X., N.X. va A.U.larning qimor o‘ynashlari uchun sharoit yaratib berganligi aniqlanib, ulardan 880.000 so‘m pul va o‘yin kartalari daliliy ashyo tariqasida olingan. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Oltiariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimorxona tashkil etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi haqida eslatib o‘tamiz.