«Yashil makon»: Bahorda 10 million 208 ming tup ko‘chat ekiladi

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili bahor va kuz mavsumida ko‘chat ekish odatga aylandi.

- Viloyatimizda bu yil bahor mavsumida 10 million 208 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. 18 mart kuniga qadar 1 million 314 ming tup (13 foiz) daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, elektron platformaga kiritildi, - deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherali Iskandarov. - Joriy yil yakuniga qadar viloyatning 7 tuman-shaharida 28,4 gektar maydonda «Yashil bog‘» barpo etiladi. Buning uchun yer maydonlari tanlanib, mahalliy Kengashlarning qarorlari qabul qilingan.

Bundan tashqari, 16 ta shahar-tuman hokimliklari tomonidan 34 ta «Hokimlik bog‘i» tashkil qilinishi belgilangan. Buning uchun viloyatning barcha tuman va shahar hokimliklari tomonidan bahor mavsumida 10,56 gektar yer maydoni tanlab olindi.

Hozirgacha Past Darg‘om tuman hokimligi 0,5 gektar maydonda 450 tup ko‘chat va Narpay tuman hokimligi tomonidan 0,5 gektar yer maydonida 350 tup ko‘chat ekilib, «Hokimlik bog‘lari» tashkil qilindi.

Samarqand tumanidan 6 gektar, Toyloq tumanidan 0,25 gektar, Kattaqo‘rg‘on shahridan 0,5 gektar hamda Samarqand shahridan 1 gektar yer maydoni tanlab olinib, «Yashil belbog‘» yaratish maqsadida mahalliy kengashlarning qarorlari qabul qilindi.

Viloyatda joriy yil yakuniga qadar 64,15 gektar maydonda «Yashil jamoat parklari» barpo etiladi. Bu bo‘yicha viloyat hokimining qarori va barcha shahar, tuman sessiya qarorlari qabul qilinib, vazirlikka taqdim etilgan. 

58 ta sanoat korxonasi tomonidan 75 ming tup daraxt ko‘chati ekilib, «Yashil belbog‘»lar yaratiladi. Bugungi kunda atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha sanoat korxonalari tomonidan 15 ming 420 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.