"Yashil o‘rik". Bu jo‘jani "kichkina xo‘roz" degandek bir gap-da

Ba’zi internet nashrlarida "yashil o‘rik" degan gap yuribdi. Matn  suratida esa dovuchchalarni ko‘rdim. Hali ularning to‘laqonli o‘rik bo‘lishiga bir-ikki oy bor.

Demak, g‘o‘rani o‘rik deb bo‘lmaydi. Bu so‘zlar ruschadan to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilingan, albatta. Chunki, rus tilida ma’nosini to‘liq anglatadigan so‘z topilmagani uchun dovuchcha "zelyoniy abrikos" deb yuritiladi.

Bizlar esa buni bilib-bilmay azaldan dovuchcha va g‘o‘ra deb yuritib kelganimiz, ya’ni o‘rik mevasining xomakisiga allaqanday g‘alati nom berayotganimizni sezmayapmiz. Bu ketishda erta bir kun nabira, chevaramiz jo‘jani "jajji xo‘roz", ho‘kizni "sigirning o‘g‘li" deb yurmasa bo‘ldi, ishqilib.

Tilimiz juda boy. Har narsani ifoda qiladigan so‘zimiz bor. Buning uchun ozgina qunt qilinsa, bas. Shunda "yashil o‘rik" degan ensani qotiradigan talqinlar paydo bo‘lmaydi.

Xullas, "zelyoniy abrikos" "yashil o‘rik" emas, dovuchcha yo  g‘o‘ra bo‘ladi.

Vassalom.

Ahmadali Shernazarov.