Yaxshi gapning gadosi

Bayram kuni kechki payt ishxonamizda tadbir bo‘ldi. Yaxshi kayfiyatda uyga shoshildim. “Haydovchim” (turmush o‘rtog‘im)ni chaqirsam, saylov munosabati bilan u kishi ham ishda ushlanib qolibdi...

Taksiga o‘tirar ekanman, notanish haydovchini bayram bilan tabriklashni unutmadim. “Rahmat opa, bizni ham tabriklovchilar bor ekan-ku!”, deya xursand bo‘ldi taksichi. So‘ng bir yigit chiqdi, qulog‘ida telefoniga ulangan quloqchin. Mashinaga o‘tirgandan, to manziliga yetgunicha bir og‘iz ham so‘z aytmadi.

Yana bir hamrohimiz keksa onaxon edi. “Shoshmasdan haydang, hali o‘lish niyatim yo‘q”, deb haydovchini ogohlantirdi u. “Yoshlarga hayronman, hovliqqani-hovliqqan. Qayoqqa buncha shoshilishadi? Nasihat qilsang, yoqtirishmaydi”, deya yozg‘irib ham qo‘ydi. Keyin onaxonga mashina salonida eshitilayotgan musiqa ham yoqmadi.

Shunday qilib yo‘limizda davom etdik. Dastlab talaba yigit tushdi. Onaxon yo‘l haqini tortisha-tortisha, biroz kam berdi. Nihoyat, manzilimga yetib kelib, mashinadan tushar ekanman, haydovchiga kelishilgan pulni uzatdim. U esa qo‘limni qaytardi: “Opa, sizdan pul olmayman. Ko‘nglimni tog‘day ko‘tardingiz. Ertalabdan buyon bir og‘iz yaxshi so‘zga mahtal edim...”.

Gulchehra BERDIYoROVA.