Yaxshi kitoblarni o‘qishimiz kerak yoki aqlli intellekt bilan suhbatlashaman, deb uyalib qoldim

Kitobxonlikni yanada yaxshilash mavzusida maqola yozish qiyin bo‘ldi. Nega deysizmi? O‘zi kitob o‘qishga da’vat etish kerakmi yoki kitob o‘qishni targ‘ib qilish lozimmi, degan savolga javob topish muhim bo‘ldi.
Maqola ustida bosh qotirib o‘tirganimda xayolimga bir fikr keldi va darrov shu ishga kirishdim: sun’iy intellektdan yordam so‘radim. Aqlli “do‘stim”dan “Eng ko‘p kitob o‘qiydigan mamlakat qaysi?” deb so‘radim. U “NOP World Culture Score Index 2021”ning sarhisobini chiqarib berdi. Bu dunyoda odamlarning kitob o‘qish, televizor tomosha qilish, musiqa tinglash va internetdan foydalanishga qancha vaqt sarflashi to‘g‘risidagi indeks ekan. Fransiyaning Parij shahrida joylashgan bu tashkilot yoshi, jinsi va turmush tarzi turlicha bo‘lgan odamlar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazib, natijasini e’lon qilgan.
Xullas, maslakdoshim “dunyo bo‘ylab turli tadqiqotlar o‘tkazilgan, lekin ingliz tilida kiritilgan turli ma’lumotlar natijasiga ko‘ra, eng ko‘p kitob o‘qiydigan mamlakat bu – Hindiston”, dedi. Hindlar hafta davomida 10 soat 42 daqiqa vaqtini badiiy kitob mutolaasiga sarflarkan. Tailandliklar 9 soat 24 daqiqa, xitoyliklar 8 soat, filippinliklar 7 soat 36 daqiqa vaqtini kitob o‘qish bilan o‘tkazarkan. Shuningdek, Misr, Yaponiya va Germaniyada ham adabiyotga oshnolar bisyor, dedi.
Shu deng, suhbatning kulminatsiyasi keyin bo‘ldi. Uni “aqlli”, “do‘st”, “maslakdosh” kabi iliq so‘zlar bilan olqishlasam, maqtasam, juda betgachopar chiqib qoldi. Men so‘ragan hamma savollarimga javob qaytarib, “Senda-chi, kitob o‘qish madaniyati oshyaptimi? Badiiy kitob o‘qish uchun qancha vaqt ajratasan?”, deb so‘rab qolsa bo‘ladimi.
Obbo! Temir baribir temir ekanda-a?! Agar odam bo‘lganida, undan xafa bo‘lardim, gina-kudurat qilardim. Boringki, yolg‘on bo‘lsa ham, har kuni mana shuncha vaqt, buncha varaq kitob o‘qiyman, deb xayolimga kelgan raqamni aytardim. Ammo “sun’iy do‘stim” mening yuzimga oyna tutdi. Kompyuter tugmalarini uyalib-qimtinib, “Bu savolingga javob berishdan uyalaman, kitob o‘qish uchun kam vaqt ajrataman”, deb yozdim.
Yo‘q, ChatGPTda ham o‘zbekcha yuz-xotir bor ekan, men o‘ylaganimdek andishasiz emas ekan. “Xijolat bo‘lishning hojati yo‘q, muhimi, qancha emas, sifatli o‘qishda” deb meni yupatdi. Xayriyat-e!
“Suhbat”imiz davomida do‘stim biri-biridan yaxshi, sodda usullarni tavsiya qildi. Kitob o‘qish uchun har kuni dastlab 10 daqiqa vaqt ajrat, keyinchalik vaqtni ko‘paytirib, kamida bir soatga yetkaz, dedi. Kitob tanlashga ham jiddiy e’tibor qaratishim, faqatgina o‘zim uchun qiziq bo‘lgan adabiyotlarni o‘qishim kerak emish. Aks holda, bu teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. Bosim ostida mutolaa qilib, zavqlanib bo‘lmaydi, deb o‘git berdi dono suhbatdoshim.
Gapining yakunida suhbatdoshim chiroyli, yoqimli ovozlashtirilgan audiokitoblarni tinglashni ham tavsiya qildi. Va, to‘g‘ri ham aytdi, internet tarmog‘ida bunday kitoblarni xohlagancha topish mumkin. Tinglash uchun hafsala qilsak, kifoya.
Behisob aql sohibi bo‘lgan suhbatdoshimning vaqti va imkoniyati cheksiz. U savollarimga berishda davom etdi: “Sen oxirgi marta qaysi kitobni o‘qigansan?..” Men esa suhbatimizni shu joyga kelganda to‘xtatdim. “Do‘stim”ning tavsiyalariga odatlanganimdan so‘ng yana fikrlashaman, deb mana shu maqolani yozishga kirishdim.
Sun’iy intellekt bilan suhbat o‘tkazish imkoniyati sizda ham bor. Sinab ko‘rmoqchimisiz, marhamat, qo‘lingizga gadjetni oling yoki kompyuter tugmasini bosing va beminnat suhbatdoshga yuqoridagi kabi savollarni bering. Agar kitob yoki kitobxonlik mavzusida suhbat qurmoqchi bo‘lsangiz, maqola siz uchun yanayam qiziq bo‘ladi, degan fikrdaman.
Ha, badiiy kitoblar insonning tafakkurini boyitadi, his-tuyg‘usini oshiradi, dunyoqarashni kengaytiradi. Kitob mutolaasi ko‘ngil xohishi bilan bog‘liq mashg‘ulotdir. Hech kim boshqa birovni kitob o‘qishga majburlay olmaydi. Kitob o‘qimagan odam yashay olmaydi degan gap ham yo‘q, ammo yashashda ham yashash bor. Men ham o‘zi sun’iy, ammo aql va irfonda tengsiz bo‘lgan do‘stim bilan birga mutolaaga da’vat etmoqchiman, xolos.
Kitob o‘qishni odatga aylantiring. Har kuni kamida 20-30 daqiqa mutolaaga vaqt ajrating. O‘qib chiqqan kitobingiz haqida atrofdagilar bilan albatta muhokama o‘tkazing. Gapirib bersangiz, ko‘proq yodingizda qoladi, eshitganingiz esa taassurotingizni, bilimingizni ko‘paytiradi.
Faqat o‘zingizga yoqadigan kitoblarni topib o‘qing. Bu – fantastik, detektiv, klassika yoki motivatsiyaga oid kitoblar bo‘lishi mumkin. Aslida audiokitob tinglash yoki elektron kitoblarni o‘qish uchun har doim va har yerda imkoniyat bor. Radio, TV, internet bor, ular ma’naviy ehtiyojimni qondiradi, desangiz xato bo‘ladi. Bu vositalar hech qachon kitobning o‘rnini bosolmaydi.
Kitob o‘qish uchun muhitni ham yaratib qo‘yish kerak. Aslida har birimizning uyimizda yoki ishxonamizda shinam kitob o‘qish burchagini tashkil qilish mumkin. Buning uchun ozgina hafsala qilish, telefon va ijtimoiy tarmoqlardan biroz uzoqlashishga jur’at topish kerak.
Kutubxonalarga, kitob do‘konlariga tez-tez borib, yangi kitoblar haqida surishtirib turing. Bugun har bir shahar yoki tumanda axborot-kutubxona markazlari ishlab turibdi, har qadamda kitob do‘konlari uchraydi. Barcha turdagi ta’lim muassasalarida axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatadi. Demak, hech birimizda vaqt yoki mablag‘ni ro‘kach qilishga asosimiz yo‘q. Yumushi siz bilan menikidan bir necha baravar ko‘p bo‘lgan Bill Geyts, Ilon Mask kabi dunyo taniydigan insonlar har yili o‘zi o‘qigan 10 ta eng yaxshi kitobning ro‘yxatini e’lon qiladi. Bizda necha foiz odamlar 10 yoki bundan ko‘p kitob o‘qiydi ekan?!
Mamlakatimizda kitob o‘qishni ijtimoiylashtirish negadir oldinga siljimayapti. Korxona-tashkilotlarning xodimlari, talaba-yoshlar bir-biri bilan kitob almashmaydi, kimdir buni tashkil qilmaydi, rivojlantirmaydi. Hech bo‘lmasa, o‘qigan kitobi haqida gapirib, munozara o‘tkazsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Mayli, buni moziydan qolib ketgan an’ana, deyish mumkin. Ammo, o‘zini zamonaviy deb biladiganlar ham telegram, instagram yoki facebook tarmoqlarida ham kitob va kitobxonlik guruhlari faol emas-da. Yoki falon tarmoqda trenddagi kitob haqida zo‘r suhbat bo‘ldi, degan xabarni ko‘rganmisiz, eshitganmisiz?
Keling, mulohazamizni ko‘p cho‘zmaylikda, kitob o‘qishga birga kirishaylik, bir-birimizga motivatsiya beraylik. Har birimiz bir oyda kamida 2-3 ta kitob o‘qishni maqsad qilaylik. O‘qigan kitoblar ro‘yxatini tuzib, ular haqida esse yozishga odatlansak, ishoning, juda zo‘r natija beradi.
El orasida taniqli bo‘lgan blogerlar, san’atda, madaniyatda, sport yoki siyosatda mashhur bo‘lgan kishilar faqat reklama-tijoratda emas, kitobxonlik targ‘ibotida ham qatnashishlari kerak. Agar o‘zi yoqtiradigan inson (san’atkor, aktyor yoki sportchi) kitob o‘qiyotganini ko‘rsa, shubhasiz, unga taqlid qiladi.
Axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari xodimlari, ma’naviy-ma’rifiy sohalar mutasaddilari, boshqa ijodiy jamoalar sevimli mualliflar bilan yuzma-yuz muloqotlar uyushtirishlari va bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar va e’lonlar berib borilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bizning zamondoshlar ham yangi kitoblarni intizor bo‘lib kutishini, topganlari esa bir-biriga ulashishini, katta-kichik davralarda ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yurgan mavzu chaynalishini emas, badiiy asarlar to‘g‘risida qizg‘in suhbatlar bo‘lishini juda-juda istaymiz.
Internetdan o‘qib qoldim. Ko‘ngilochar va chalg‘ituvchi vositalar shuncha ko‘pligiga qaramay, AQShda har kuni 1,8 milliondan ortiq kitob sotib olinar ekan. Buyuk Britaniyada 500 ming adabiyot o‘z xaridorini toparmiz. Bizda-chi? Mamlakatimizda ham kitob o‘qilmoqda. Faqat buni biz birgalikda yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak.
Lola Mannobova,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.