Yaxshi qo‘shniga jon sadag‘a
"Bor tovog‘im – kel tovog‘im" singari hikmat ham yaxshi qo‘shnichilikni ifodalovchi, bordi-keldini nazarda tutuvchi bir aqida hisoblanadi. Har qalay, ana shunday beg‘ubor, bag‘rikenglik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan, suyagi qotgan mehr-muhabbatli kishilarmiz.
Endi qo‘shnichilikning ham o‘ziga xos yozilmagan qonun-qoidalari borki, unga har ikki tomon rioya qilishga, o‘zaro hurmat bilan javob berishga, ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi. Yo‘qsa o‘rtadagi hali aytilgan "Bor tovog‘im – kel tovog‘im"ga darz ketishi, sinishi mumkin. Aytaylik, xonadon sohiblari, xotin-xalaj, farzandlar o‘rtasidagi, hatto tovuqdan tortib sigir-buzoqqacha qo‘shnichilik munosabatlarining o‘ziga xos tartiblari borki, unga hamma amal qilishi lozim. Oila, mahalladan boshlangan xalqimizga xos yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bugungi kunda mamlakatlarni, xalqlarni bir-biri bilan bog‘lashga, do‘stlashishga, qolaversa, xalqaro munosabatlarni ham yaxshilashga xizmat qilayotganligini alohida e’tirof etish lozim.
Har qanday kishiga birinchi bo‘lib qo‘l uzatsangiz, u sizga ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib peshvoz chiqadi. Qo‘shnichilik taomillari ham ana shunday xususiyatga ega.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga Murojaatnomasida yaxshi qo‘shnichilik va xalqaro munosabatlarga ustuvor ahamiyat qaratgani yaqqol sezilib turdi. Ommaviy axborot vositalaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Yurtboshimiz 2017 yil davomida 12 oliy darajadagi tashrifni amalga oshirgan, 60 dan ortiq davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vakillari bilan muzokara va uchrashuvlar o‘tkazdi. Bunday uchrashuv va muzokaralar besamar ketgan emas. 60 milliard dollar hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolanganligini aytish mumkin.
– Biz hammamiz ham bir-birimiz bilan yaxshi qo‘shnichilikka daxldormiz, yashash tarzimiz shunday, – deydi professor Muso Yo‘ldoshev. – Mamlakatimiz rahbarining shu kecha-kunduzda qo‘shni davlatlar bilan olib borayotgan siyosati barcha ziyolilarni ham quvontirmoqda. Yurtboshimiz BMT minbaridan O‘zbekiston avvalo, qo‘shni davlatlar bilan yaqin munosabatda bo‘lishini ta’kidladi. Bu da’vat nafaqat diyorimiz, balki xalqaro hamjamiyat manfaatlari uchun ham ahamiyat kasb etdi.
– O‘tgan bir yil ichida yaqin qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalarimiz bois odamlarimiz ongi, tafakkuri o‘zgardi, – deydi faxriy pedagog Jamshid Nasrullayev. – Bu o‘zaro suhbatlarda, turli anjumanlarda e’tirof etilmoqda. Prezidentimizning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tiklashdagi sa’y-harakati ma’qullanmoqda.
Yana Murojaatnomadan ishtiboh:
O‘zbekistonning qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishdan nafaqat odamlarimiz tafakkuri o‘zgardi, balki iqtisodiyotimiz naf ko‘ra boshladi. Masalan, birgina Qozog‘iston bilan o‘zaro tovar ayrboshlash ko‘rsatkichini 2 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Qirg‘iziston bilan chegara hududlari bo‘yicha o‘n yillar davomida yechilmay kelayotgan muammolar hal etildi. Turkmaniston va Tojikiston xalqlari ham Yurtboshimiz tashabbusidan cheksiz minnatdor bo‘lishmoqda.
Xalqimizda bir gap bor: O‘zing yaxshi – olam yaxshi. Har qanday kishiga birinchi bo‘lib qo‘l uzatsangiz, u sizga ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib peshvoz chiqadi. Qo‘shnichilik taomillari ham ana shunday xususiyatga ega. Yaxshi qo‘shniga jon sadag‘a.