Urgutdagi mahallani obodonlashtirish uchun byudjetdan 850 million so‘m ajratilgach, tadbirkorlar o‘z hisobidan yana 450 million so‘m homiylik qilindi
Joriy yilning iyun oyida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Urgut tumani Bahrin mahallasidagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida bo‘lib, hudud infratuzilmasi va aholi turmush tarzi bilan tanishgan edi. Qishloq ahli bilan suhbat davomida viloyati hokimi hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirib, ichki yo‘llar hokimlik ko‘magida asfalt qilib berilishini aytgandi.
- Qishlog‘imizda ikki ming nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Abdizohir Ziyoyev. – Viloyat hokimi tashabbusi bilan qishlog‘imizda obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish uchun 870 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada qariyb 1,5 kilometrga yaqin ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Shuningdek, 1991 yilda jamoa xo‘jaligimiz markazida – Kenagas mahallasida Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan ulug‘ mutafakkir haykali atrofi tuman hokimligi ko‘magida obod qilindi.
Bu xayrli ishlarda qishloq ahli ham faol ishtirok etdi. Davlat tomonidan shuncha imkoniyat, qulaylik yaratib berilayotganidan ruhlangan qo‘rg‘onchaliklar o‘z yashab turgan joylarini yana ham obod qilishga hissa qo‘shdi. Xususan, obodonlashtirish va qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish maqsadida saxovatli tadbirkorlar tomonidan 450 million so‘m mablag‘ ajratildi. Buning evaziga qishloqqa kirish qismidagi ko‘prik ta’mirlandi. Markaziy ko‘chada 86 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, qabriston atrofi 800 metr devor bilan o‘raldi. Shuningdek, 180 metrli ayvon qurildi. Ayni paytda bu ezgu ishlar davom ettirilib, qishloqdagi nuroniylar choyxonasi ta’mirlanmoqda. Bu yerda ko‘rkam bog‘ tashkil etilyapti.
– Umummanfaatiga xizmat qiladigan ishlar hamjihatlikda bajarilsa, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehr-oqibatni mustahkamlaydi, – deydi Abdizohir Ziyoyev. – O‘zim ham ko‘p yil shu hududdagi Alisher Navoiy nomli jamoa xo‘jaligiga rahbarlik qilib, aholi bilan birga ko‘p ezgu ishlarga bosh qo‘shganmiz. Xudoga shukr, hozir ham qishloqdoshlarimiz, yaqin atrofdagi mahallalar ahli hurmatimni joyiga qo‘yishadi, bir gapimni ikki qilishmaydi. Odamlar ahil-inoq, oqibatli bo‘lgan joyda baraka bo‘ladi. Hamma ishni davlat qilib berishi kerak, deb qarab o‘tirish yaramaydi. Mana, viloyatimiz hokimi qishloqni obod qilish bo‘yicha harakatlarni boshlab berdi, yo‘limiz ravon bo‘ldi. Qolgan ishlarni yana hokimiyat zimmasiga tashlab o‘tirsak bo‘lmasdi-da. El – katta kuch, hamma ishni bamaslahat, birgalikda amalga oshirishga kirishgandik, qishlog‘imiz obod bo‘lib qoldi. Yaxshi yashash uchun faqat orzu emas, harakat, intilish ham kerak.
Fazliddin Ro‘ziboyev,
“Zarafshon” muxbiri