Yaxshilik deb yashayotgan odamlar kammi?
Yaxshilik – savob. Savob ishning esa erta-kechi, katta-kichigi yo‘q. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish azaldan millatimizga xos qadriyatlardandir. Bu ezgu amal bir paytlar unutilganday bo‘ldi. Allohga beadad shukrlar bo‘lsinki, mustaqillik tufayli yodimizdan ko‘tarilayotgan bu va boshqa an’analarimiz qalbimizda aziz tuyg‘ularni yana uyg‘otdi. O‘zini yurt mehri, odamlar taqdiri va qayg‘usiga sherik deb bilgan vatandoshlarimiz safi kengaydi.
Karantin davrida uyda o‘tirgan kam ta’minlangan oilalarga davlat tashkilotlari, xususiy korxonalar, tadbirkorlar, saxovatpesha fuqarolar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda, uy-joylari ta’mirlanmoqda. G‘ururlanib ketasan: bunday vatan, bunday xalq yana qayerda bor?
Zarurat yuzasidan bir yo‘lovchi mashinaga o‘tirishga to‘g‘ri keldi. Haydovchi ochiq ko‘ngilgina yigit ekan, gurunglashib ketdik.
- Bozorlik qilib qaytyapsiz ekan-da, - dedim orqa o‘rindiqdagi yeguliklarga to‘la qutilarga ishora qilib.
- Ha, qishloqda jiyanlarim yashaydi. Katta oila, karantin boshlanganidan buyon har haftada xabar olib turaman, - dedi haydovchi yigit. – Tadbirkorman, Prezidentimiz, davlatimizga rahmat, bizga barcha sharoitlarni yaratib beryapti, topish-tutishimiz yaxshi.
Uning gaplarini tinglar ekanman, har kunim televizorda ko‘rayotganimiz saxovatpesha insonlar oziq-ovqat mahsulotlari bilan muhtojlarni yo‘qlab borayotganlari, mahallalarda, tashkilot, korxona, hatto huquq-tartibot organlari, armiya vakillari muhtojlar uy-joylarini ta’mirlab berayotgani xayolimdan o‘tdi. Sardoba tumanida ro‘y bergan tabiiy ofatning ertasiyoq Prezidentimiz o‘sha joyga borib aholiga zarur yordam choralarini ko‘rgani, respublikamizning barcha viloyat, tumanlaridan oziq-ovqat, qurilish materiallari, kiyim-kechak, qurilish otryadlari, texnikalar ko‘makka otlangani ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Bunday xayr-saxovat, insonparvarlik millatimizga xos fazilat ekanligidan qalbimda faxr tuydim.
Yaqindagina karantinni o‘n beshinchi avgustgacha uzaytirish munosabati bilan respublika bo‘yicha uyda qolib, yordamga muhtoj bo‘lgan yuz mingdan ziyod oila aniqlanib viloyatlar, tumanlar, mahallalar kesimida ularga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha tegishli homiylar belgilandi. Davlatning tashabbusi xalqimizga qudrat va ezgu niyatlar bag‘ishlamoqda. Ana shunday davlat va elga munosib bo‘lmoq esa ham farz, ham qarzdir.
Tog‘aymurod Shomurodov.