Yaxshilik qilish majburiyat emas

(Taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorovni eslab)
Ahmadjon akanikiga yozgan ijod namunalarimni ko‘rsatgani olib borib turardim. Ziyrak, kamtar bu odamning donishmandona chuqur mulohazalari qalbimni hayratga solardi. O‘sha davrda u kishi bosh muharrir bo‘lgan «Lenin yo‘li» nashri viloyat, respublika miqyosida juda ham katta obro‘-e’tiborga sazovor edi. Shunday mavqega ega bo‘lsalar-da u kishi shu qadar xokisor edilarki, sal dilkash suhbatdan so‘ng go‘yoki tengdosh do‘stingizga aylanib qolardilar.
Har gal u kishinikiga qarab yo‘lga tushganimda o‘z-o‘zimcha uyalardim, chunki juda ham nochor ahvolda, kambag‘al yashaganimizdan ustimdagi kiyim-boshning «surobi» yo‘q edi. Sarg‘ich tusli eski kostyum-shimim to‘xtovsiz yuvilaverganidan, dazmollanaverganidan sira tekis, silliq bo‘lmas, oyog‘imdagi qora tuflim oyoqostida yotgan eski kalishga o‘xshardi. Bir borganimda uning bog‘ichini yecha olmay xo‘b sarson bo‘lgandim.
Bu imkonsiz, nochor ahvolimni katta hayot tajribasiga ega Ahmadjon aka to‘g‘ri tushunar, oilaviy sharoitimgacha bilardi.
...Bir bozor kuni uylariga borsam, Ahmadjon akaning dimoqlari chog‘, kayfiyati a’lo. Rosa miriqib suhbatlashdik va shu chog‘ noxosdan yonimizga ayollari kelib qoldi.
- E, aytmoqchi, menga qara, onasi, - yangaga yuzlandilar. – Anovi javonda turgan qora kostyum-shimni keltir bu yoqqa. Menga torlik qildi, do‘xtirga ber, bir kiyib ko‘rsin-chi. Anovi qora tuflini ham keltir, uyam tor, oyog‘imni qisdi. Do‘xtirga loyiq kelsa kerak.
A’zoi-vujudim titrab, bijirlab ketdi, qalbim oppoq bo‘lib yorishdi.
Ahmadjon akaning ayollari katta bir oq tugun keltirdilar-da ohista yonimga qo‘ydilar.
- Bu sizga! Akangiz aytgan hamma narsa shuning ichida. Yoniga to‘rtta yangi paypoq ham qo‘shdim, chopqillab kiyib yurasiz, hammasi yangi, qulluq bo‘lsin!
Yana hayajonga tushdim.
Ahmadjon G‘ulomovichning ertalabdan kayfiyati yaxshiligi bejiz emasdi. U kishi odamlarga yaxshilik qilib, quvonch ulashishni yaxshi ko‘rardi. Tugunchaning, er-xotin kelishuviga ko‘ra, uylariga kelishimdan oldinroq tayyorlab qo‘yilganligini sezdim.
Ha, birovlarga yaxshilik qilishdan quvonadigan odamlar ko‘p hayotda. Ha, yaxshilik qilish ulug‘lar aytganidek majburiyat emas, bu – quvonch! Inson qalbini anglash va tushunishdir! Insoniy eng oliy cho‘qqi ham xuddi shu yerda: «Men – senman, sen –mensan». Xijolatdan emranganimcha ko‘nglim buzilib, ko‘zlarim yoshga to‘lib Ahmadjon akaning o‘ta rahmdil chehrasiga qaradim. U kishi ma’nan otamdek bo‘lib qolgandilar...
- Xijolat chekmang, baxtli kunlaringiz oldinda hali. Yoshsiz. Yoshlarning baxti shundaki, ularning qo‘lida kelajak bor! Men gazetada ish boshlaganimda oyog‘imdagi mana bu «tapichkam» «taksim» edi...
Ko‘nglim buzilib, tomog‘imga nimadir tiqildi. O‘zimcha suyunib, ich-ichimdan yig‘lardim unsiz. Tanamni ilohiy bir qudratli kuch daldakor suyardi, go‘yoki nogironni hassasi suyagandek. Buni unutib bo‘ladimi? Gap tuguncha ichidagi tuhfalarda emas aslo. Gap dardlarimni tushunadigan, anglay oladigan insonni Tangri g‘oyibdan yaratganida va uni menga farishtadek duch etganida edi. Xudoning ana shu tirik farishtalari girdimda, yonimda turishardi. Uyimga kelgunimcha ko‘z yoshlarimni tiya olmadim. Shodligimning cheki, chegarasi yo‘q edi.
...O‘sha Ahmadjon G‘ulomovich Muxtorov sovg‘a qilgan tabarruk qora kostyum-shim, tuflini asrab, avaylab, ehtiyotlab hali-haligacha kiyaman...
Ahmadjon akaning o‘ychan chehrasi, qalam o‘rni bilinib turadigan barmoqlari ko‘z o‘ngimda doim. Ha, bularni unutib bo‘lmaydi?
Aytganday, A.Muxtorovning gazeta haqida aytgan, yozgan gaplarini yon daftarimga qayd qilib qo‘yganman. Shuni Sizlarga ilindim:
Gazeta – oq dasturxon. Undagi ne’matlarning hammasi xalqniki. Pokiza, begard ular. Shu sabab ham, gazetaga oq ko‘ngil, oppoq, pokiza qalb bilan qo‘l uzatmoq lozim.
***
Oppoq gazetaga nopok, notoza, isqirt narsalarni o‘rash gunohdir.
***
Gazeta – insonning tafakkur mahsuli, kitobdan-da ulug‘roqdir, sababi, u muttasil yangilanib, jozibalanib turadi.
***
Gazeta – tafakkur, Yaratganning ruhi va nurlari singgan.
Murodim Umrzoqov.