“Yil imomi – 2023” respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi, g‘oliblar orasida Samarqand vakili ham bor

Bugun masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-domlalar o‘rtasida “Yil imomi – 2023” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom-domla bellashdi.

Ishtirokchilar Qur’oni Karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob berishdi. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari va ijodlarini namoyish etishdi.

Qatnashchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan mezonlar asosida baholandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarga munosib topildi:

1-o‘rin – Toshkent shahridagi “Xolid ibn Valid” jome masjidi imom-xatibi Isroiljon domla Ismoiljonovga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi;

2-o‘rin – Andijon viloyatidagi “Mirzaxoliq ota” jome masjidi imom-xatibi Muhammadiyxon domla Hojiyevga II darajali diplom va 15 mln. so‘m pul mukofoti;

3-o‘rin – Samarqand viloyatidagi “Shayx Xudoydod Vali” jome masjidi imom-xatibi Anvar domla Ahmedovga III darajali diplom va 12 mln. so‘m pul mukofoti topshirildi.