Yil yakunidagi sarhisob va kelgusi yil uchun rejalar
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Dastlab, viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyevning hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, aholi o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, iste’dodli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil boshidan buyon 1788 ta ommaviy sport tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlarda 257 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, 114 ming nafar xotin-qizlar jalb qilindi. Ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ikki mavsumda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 670 mingdan ortiq yoshlar sportning o‘n turi bo‘yicha o‘zaro bellashdi. E’tiborlisi, viloyatimiz yoshlari musobaqaning respublika bosqichida ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Sh.Ro‘ziyev 2024 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun 27 nafar sportchi o‘nta sport turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashayotganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurov davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan hisobot berdi.
Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2022 yilda viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 119 ta ob’yektda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. 109 ob’yektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. 10 ta ob’yektdagi ishlar 2023 yilda ham davom etadi.
– Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi 585 ta mahallada amalga oshiriladigan 588 ta loyihaning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi va ob’yektlar uchun jami 394,9 milliard so‘m mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan, – dedi A.Shukurov. – Bugungi kunda 582 ta ob’yekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingan, pudratchilarni tanlash bo‘yicha elektron tender savdolariga e’lon berilgan. 509 ta ob’yekt pudratchilari aniqlanib, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi. Shu paytgacha ob’yektlarga 60 milliard so‘m moliyalashtirildi va 64,9 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 28 ta qishloq va 4 ta mahalla arxitektura qiyofasi yangilandi va hududlari obodonlashtirildi. Jumladan, 14 ta bog‘cha, 11 ta maktab, 6 ta tibbiyot muassasasida qurilish, ta’mirlash ishlari bajarildi, 344,9 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 382,6 kilometr ichimlik suv va oqava suv tarmoqlari hamda 45 ta inshoot qurildi. Dasturlarda belgilangan ishlar deyarli yakuniga yetkazildi. Faqatgina ikkita ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari hozir ham davom etmoqda.
Deputatlar qurilish ishlarida sifatning yetarli darajada ta’minlanmayotgani, loyihalarning mukammal emasligi va pudratchilarning qonunga zid xatti-harakatlari yuzasidan e’tiroz bildirib, bu borada nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozovning 2022 yil 5 may kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan hisoboti ham eshitildi.
Boshqarma boshlig‘ining ma’lum qilishicha, Prezidentimizning 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Respublika tez tibbiy yordam markazi Samarqand viloyati filiali tashkil etildi. Boshqarmaning ixtisoslashtirilgan avtokorxonasi va avtoxo‘jaligining xodimlari, shuningdek Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Samarqand filiali hamda tuman va shahar tibbiyot birlashmalaridagi tez tibbiy yordam xizmati xodimlari Respublika tez tibbiy yordam markazi Samarqand viloyati filialiga ishga qabul qilindi.
Birlamchi tibbiyot muasssasalarida tez tibbiy yordam xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyatda 16 ta ko‘p tarmoqli markaziy va 12 ta oilaviy poliklinikada tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi.
Tez tibbiy yordam avtomashinalarining barchasi (316 ta) GPS trekerlar bilan jihozlandi va yagona UZGPS tizimiga ulandi. Bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 500 so‘mdan 8470 so‘mga yetkazildi, dori-darmon turlari 20 tadan 45 tagacha oshirildi.
Kun tartibiga ko‘ra, sessiyada “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi konsepsiyasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi, Bulung‘ur, Nurobod, Past Darg‘om va Paxtachi tumanlarining ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarining bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlash haqidagi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat Kengashining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining nizomi, Kengash doimiy komissiyalarining 2023 yilga mo‘ljallangan ish rejalari, viloyat hokimining 2022 yil 16 dekabrdagi “Viloyat mahalliy byudjetining 2022 yil erkin qoldiq va daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan foydalanish to‘g‘risida”gi qarorlari tasdiqlandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.