"Yo‘l xaritasi" – ijro mexanizmi
O‘zaro muloqotlar chog‘ida mutaxassislar va aholidan tushgan hamda shahar va tumanlar kengashlari tavsiya etgan takliflar mazmun-mohiyatini viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Akram Xalilov o‘z ma’ruzasida sharhlab berdi.
Ta’kidlandiki, takliflar salmog‘i yurtdoshlarimizda mamlakat taqdiri uchun mas’uliyat oshib borayotganini ko‘rsatyapti. Jumladan, davlat boshqaruvining tarkibiy qismi bo‘lgan nazorat faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, bu borada OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda qat’iy mezonlarga rioya etiluvchi tizimni shakllantirish, jamoatchilik nazorati salohiyatini oshirish, mahallalardagi muloqotlar mavzu doirasini kengaytirish borasidagi takliflar e’tiborga molik.
– 39 banddan iborat takliflarning har biri haqida shunday deyish mumkin, – dedi sessiyaga raislik qilgan viloyat hokimi T.Jo‘rayev. – Ijrosini to‘la ta’minlash maqsadida har bir taklif yuzasidan allaqachon yo‘l xaritalari ham tayyorlanmoqda. Unda har bir harakatning moliyaviy asosi, mas’ul shaxs javobgarligi, ijro muddati aniq ko‘rsatilmoqda.
Viloyat Kengashi deputati O‘ktam Saidmurodov o‘z chiqishida iqtisodiy loyihalar ijrosida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlash choralari xususida gapirdi.
– Har bir deputat o‘z saylov okrugida aholini shu hududdagi o‘zgarishlar, loyihalar, kutilayotgan samaralardan xabardor qilib borishi zarur, – dedi u.
Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamurodov so‘zga chiqdi.
– Viloyatdan saylangan deputatlar bilan birga barcha shahar va tumanlarda aholidan tushayotgan takliflarni o‘rganyapmiz, – dedi notiq. – Xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha berilgan takliflar tahsinga sazovor. Shuningdek, siyosiy-huquqiy madaniyatni, ma’naviyatni esa axloqiy tarbiya negizida kuchaytirish borasida ham arzirli takliflar bildirilgan. Bu ishni davom ettirish muhim.
Sessiyada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Aziz Jo‘rayevning tibbiyot muassasalari faoliyatining samaradorligi yuzasidan axboroti ham qizg‘in muhokama etildi.
Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalariga binoan tibbiy xizmat tizimi aholiga qulaylik yaratish maqsadida qayta tashkil etilmoqda. Shu sababli oilaviy poliklinika va QVPlarga aholining profilaktika maqsadidagi qatnovi yil davomida 34 foizdan 42 foizga oshgan. Tez tibbiy yordamning chaqiruv manziliga kechikib borishi 60 foizga kamaygan. Bu brigadani moliyaviy ta’minlash 2 baravarga, dori vositasi bilan ta’minlash esa 2,5 baravarga ko‘paytirilgan.
Bir qator murakkab operatsiya va muolajalar bevosita viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida amalga oshirilmoqda.
Deputat Z.Berdiyeva: – Skrining markazi faoliyatida o‘zgarish sezilmayapti. Misol uchun, o‘tgan yilning o‘zida qishlog‘imizda 10 nafar bola xastalik bilan tug‘ildi.
A.Jo‘rayev: – Mana shu masalada bizga deputatlarning, hukumatning yordami zarur. Bizdagi skrining markazi tug‘ma xastaliklarni to‘la aniqlashga moslashtirilmagan. Bunday uskuna juda qimmat turadi va u bizda yo‘q. Tug‘ma xastaliklarning asosiy sababi qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va homilador ayol tomonidan o‘z salomatligiga befarq qarash tufaylidir. Aholi o‘rtasida bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarur.
Deputat F.Toshev: – Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan viloyatdagi bir qator ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga poytaxtdan malakali mutaxassislar rahbar etib tayinlandi. Ularning asosiy vazifasi o‘z yo‘nalishida viloyatimizda tajriba maktabi yaratishdir. Ularning faoliyati natijasidan jamoatchilikni xabardor etib turish lozim.
T.Jo‘rayev, viloyat hokimi: – Tibbiyot institutimiz bo‘laturib, viloyatda ayrim tor soha mutaxassislarining yetishmasligi yaxshi emas. Boshqarma Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligiga tibbiyot institutlarida olti yil davomida mutaxassislik diplomini berish tizimi yuzasidan taklif berishi zarur. Olti yil o‘qigandan keyin ham aniq umumiy profildagi vrach diplomi berilmasligi ko‘p joyda mutaxassislar yetishmasligiga sabab bo‘layotir.
S.Otamurodov: – Men deputatlarning masalaga befarq emasligidan xursand bo‘ldim. Shu o‘rinda poytaxtdan amaliy yordam uchun tashrif buyurayotgan shifokorlar faoliyatiga to‘xtalmoqchiman. Davlatimiz rahbari ular oldiga olis qishloqlarga borish, aholi tibbiy madaniyatini oshirish, aniqlangan bemorni o‘sha joyda, agar zarur bo‘lsa, Toshkentga olib borib, davolash vazifasini qo‘ygan. Bu ishni tuman markazidagina o‘tkazish ma’qul emas. Deputatlar, hokimliklar, sog‘liqni saqlash boshqarmasi bu holatni nazorat qilishi kerak.
Deputat H.Normurodov: – Sohaga davlat tomonidan juda katta mablag‘ ajratilyapti. Ammo tibbiy xizmat sifatida shifokorning o‘rni katta. Biz, deputatlar, jamoatchilik ular faoliyatini nazorat qilish, mas’uliyatini kuchaytirish barobarida mahallalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirishga hissa qo‘shishimiz lozim. Toki har bir fuqaro o‘z salomatligi uchun harakat qilsin.
Mahmud Boboyorov, "Mahalla" jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi, deputat: – Mahalla faollarining tibbiyot muassasalari faoliyatini nazorat qilishi mexanizmi yaratildi. Ularning hisobotlari endi muntazam eshitiladi. O‘tgan yig‘ilishlarda bitta QVP rahbari faoliyati qoniqarsiz deb topildi.
Shundan so‘ng deputatlar Prezident Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi asosida Senat Kengashi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini va xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlarini ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy etish haqida"gi Qarorini muhokama qildilar.
Ta’kidlandiki, faol deputatlarni rag‘batlantirib borish avvalo, ular faoliyatini monitoring qilish, ilg‘or tajribani ommalashtirish va boshqalarning ham o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan qarashiga imkoniyat yaratadi. Deputatlar viloyat Kengashida "Adolatli deputat", "Xalqparvar deputat", "Mehnatkash deputat" hamda "Faxriy deputat" maqomlari ta’sis etilishi yuzasidan qaror qabul qildilar.
Bunday maqomlarga nomzodlarni o‘rganib chiqish, tegishli xulosa berish, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha komissiya tarkibi va nizomi tasdiqlandi. Shahar va tuman kengashlariga ham mazkur maqomlarni ta’sis etish tavsiya qilindi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.