Yodgor Sa’diyev armiyada kechgan davrlarini so‘zlab berdi: Farruh Zokirov do‘stim bo‘lganligi uchun ikki marta harbiy qismimizga kelgan

Xalqimizning sevimli san’atkori O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev "Vatanparvar" nashriga armiyada kechgan askarlik davri haqida so‘zlab berdi:

"Men Moskvada xizmatda bo‘lganman. U paytlari o‘zbek yigitlarining aksariyati qurilish batalonlarida xizmat qilishardi. Xizmat paytim san’atkorligimdan voqif bo‘lganlaridan keyin meni harbiy qism klub boshlig‘i qilib qo‘yishgan. U yerda turli madaniy tadbirlarni uyushtirib, musofirlikda yurgan askarlarning ruhini ko‘tarishga harakat qilganman. U vaqtda «Yalla» guruhi eng mashhur, o‘n beshta mamlakat bo‘yicha gastrollardan bo‘shamas edi. Farruh Zokirov do‘stim bo‘lganligi uchun ikki marta harbiy qismimizga kelgan. Yurtini, ota-onasini sog‘inib yurgan askarlar uchun bu katta sovg‘a bo‘lgan edi. Lekin men omadli askar bo‘lganman. Ya’ni yaxshi xizmatim tufayli 3 yil emas 9 oy xizmatdan keyin javob berishgan. Teatrda ijro etadigan rolim bor edi, shoshilinch ortga qaytganman. Mustaqil O‘zbekiston armiyasiga, albatta, havas bilan qaraymiz. O‘z yurtida, o‘z hududini himoya qilayotgan yigitlarga hozir harbiy qismlarda juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Hech kim kamsitmaydi, bir yilning ichida harbiy soha bo‘yicha yetarlicha bilimga ega bo‘lib qaytishadi. Bizga u paytlarda harbiy bilimlar berilmasdi. Yoshlar bugungi kunning qadriga yetishi kerak".