Yog‘och bozorida onlayn nazorat kassa mashinalari nechta? To‘lov terminallari-chi?

Bu savollarga viloyat davlat soliq boshqarmasi ishchi guruhining Samarqand tumanidagi “Gulobod yog‘och” MChJda o‘tkazgan xatlov jarayonida aniq javob topildi.

Gap shundaki, Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi "Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni, 2021 yil 4 oktyabrdagi “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi "Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarorida savdo shoxobchalari nazorat kassa mashinasi va to‘lov terminallari bilan ta’minlanishi belgilangan.

Majmua hududida 44 ta savdo shoxobchasi va 114 ta savdo rastasi faoliyat yuritmoqda. Xatlov davomida mavjud 158 ta savdo shoxobchasidan 138 tasi faoliyat ko‘rsatayotganligi, 8 tasidan ombor sifatida foydalanilayotganligi, 12 ta savdo shoxobchasi faoliyat ko‘rsatmayotganligi ma’lum bo‘ldi.

- Mazkur MChJ hududidagi savdo shoxobchalari va savdo rastalarida faoliyat yuritayotgan 105 ta xo‘jalik yurituvchi tadbirkorlik sub’yektining 65 tasi aylanmadan olinadigan soliq, 28 tasi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari va 12 tasi hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yekti hisoblanadi, - deydi boshqarma mas’ul xodimi D.Sultonov. - “Gulobod yog‘och” MChJda ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan nazorat va tushuntirish tadbirlaridan so‘ng bozor hududida savdo do‘konlarida ishlayotgan 60 nafardan ortiq fuqaroning yollanma xodim sifatida ro‘yxatga olinishi ta’minlandi. Bozor hududida 2 holatda savdo nuqtalari onlayn nazorat kassa mashinalari hamda 4 ta holatda to‘lov terminallari bilan jihozlanmaganligi, 1 holatda onlayn nazorat kassa mashinalari oylik to‘lov to‘lanmaganligi sababli ishlamayotganligi aniqlanib, bartaraf etildi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.