Yo‘l-transport hodisalari asosan soat 08:00 dan soat 16:00 gacha sodir bo‘lyapti
O‘tgan yili viloyat bo‘yicha 1151 ta yo‘l-transport hodisalari (YTH) qayd etilgan va 2022 yilga nisbatan 3 taga kamaygan, ularda halok bo‘lganlar soni 1 taga (330-329) kamaygan.
Bu haqda Matbuot uyida viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 526 tasida piyodalar, 93 tasida velosipedchi urib yuborilgan. Shuningdek, 364 ta to‘qnashuv, 58 ta ag‘darilish qayd etilgan. 63 holatda hodisa ishtirokchilari biror to‘siqqa, 35 tasi turgan transportga borib urilgan.
Aksariyat yo‘l-transport hodisalari - 578 tasi soat 08:00 dan 16:00 gacha sodir bo‘lgan. 385 tasi esa soat 16:00-24:00 gacha vaqtda oralig‘ida qayd qilingan.
Hafta kunlari bo‘yicha tahlil qilinganda eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari shanba kuni 179 tasi sodir bo‘lgan.
Hodisa yuzaga kelish sub’yektiv sabablari orasida 172 tasi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 103 tasi rul boshqaruvida uxlab qolish bilan bog‘liq. Piyodalar o‘tish joyida piyodaga yo‘l bermaslik (95 ta) va piyodalarning qoidabuzarligi ham yo‘l-transport hodisalariga asosiy sabablardan bo‘lmoqda.
Ob’yektiv sabablarga ko‘ra, 202 tasi yo‘l-transport hodisasi piyodalar harakatini cheklovchi to‘siq (panjara)lar o‘rnatilmaganligi sababli sodir bo‘lgan. 93 tasi esa yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmaganligi va 75 tasi piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmaganligi oqibatida ro‘y bergan.
Eng ko‘p yo‘l transport hodisasi (354 ta) xalqaro va mahalliy avtomobil yo‘llarida (346 ta) yuz bergan. Aholi punktlarida 183 taYTH qayd etilgan.