Mistika: Yoldor ilon hamlasi

Mannon har kungi odati bo‘yicha tonggi ibodatdan so‘ng hovlisi yonidagi yo‘l yoqasida joylashgan so‘riga yonboshladi. Yo‘l har doimgiday gavjum. Chelak, Ishtixon tomonlardan Samarqandga yo‘l olgan yo‘lovchilar albatta mana shu O‘klan qishlog‘idan o‘tadi. Shu bois tong qorong‘usidan boshlab qovun-tarvuz, uzum ortilgan aravalarning g‘ichirlashi, mol, qo‘y haydagan kishilarning o‘zaro shovqin solib gaplashishi O‘klan ahlini uyg‘otib yuboradi.

Mannonning madrasani tugatib, qishlog‘iga qaytganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. O‘zi yosh bo‘lsa-da, shu atrofdagi qishloqlar aholisi uni kuchli ilm egasi, nafasi o‘tkir mulla sifatida hurmat qiladi. Ko‘pchilik uning duolari bois shifo topganligi uchun hovlisidan odam arimaydi...

Mannon yo‘ldan o‘tayotgan yo‘lovchilarga bir qur nazar tashlab, pastga – uzoqda ko‘rinib turgan Kumushkent qishlog‘iga tikildi. U yerda Mannonning eng yaqin do‘sti yashaydi. Ularning o‘zaro aloqa qilish usuli qiziq: bir-birini chaqirmoqchi bo‘lishsa, uzun tayoqning uchiga mato bog‘lab silkitishadi. Mannon bugun ham qishloq chetidagi uylardan birida ko‘rinib turgan uzun tayoq uchidagi matoni ilg‘adi. Do‘sti bilan ko‘rishmaganiga ancha bo‘lgani bois sog‘inganini his qilib yo‘lga tushdi.

Kumushkent qishlog‘iga kiraverishda odamlarning to‘p-to‘p bo‘lib do‘sti yashaydigan mahallaga borayotganligini ko‘rib, ta’ziya bo‘lganligini sezdi. Xonadon sohiblariga ta’ziya izhor qilgach, bir chetdagi qariyalarga qo‘shildi. Aytishlaricha, ilgari shu qishloqda yashagan boylardan birining xazinasi tepalikdagi qabrlardan biriga ko‘milganligi ma’lum bo‘lgach, keksa-yu yosh birday g‘imirlab qolibdi. Bugun mangulikka yuz tutgan shu yigit ham ulardan biri bo‘lib, boylik umidida eski qabrlardan birini kovlayotganda katta bir ilon chaqib, omonatini topshiribdi. Bu yaqindan beri ilon chaqib o‘lgan uchinchi yigit ekan.

“Evoh! Nahotki, bu voqealar odamlarga ibrat bo‘lmasa?! Oltin vasvasasi qo‘llariga ketmon tutqazib, ko‘zlarini ko‘r qilgan va marhumlar ruhini bezovta qilishga undagan bo‘lsa?! Xalq orasida bir-biridan vahimali gaplarga sabab bo‘layotgan ilon yana necha yoshning umr shamchirog‘ini o‘chirar ekan? Bu qachongacha davom etar ekan?!” Bu fikrlar marhumni qabrga qo‘yguncha ham Mannonning xayolini tark etmadi.

Marhumni qo‘yib kelishgach, qishloq keksalari Mannonni so‘riga taklif qilishdi. U yoq-bu yoqdan suhbatlashib o‘tirishdi. Nihoyat qishloq keksalaridan biri gap ochdi: "Mulla, ilmingiz borligini bilamiz. Shuncha yil o‘qidingiz. Endi uni amalda ko‘rsatadigan vaqt keldi. Mana, bugun o‘zingiz ko‘rdingiz bir ilonning ishini. Bolalarimiz kechalari tashqariga chiqishga qo‘rqib qolgan. O‘zimiz ham xavotirda yashayapmiz. Iltimos, shu ilonni "o‘qib", qaytarsangiz. Keksa-yu yosh sizni duo qilar edik”.

Mannon bu gapga nima deb javob qaytarishni bilmay, ikkilanib qoldi. U shu vaqtgacha turli kasallarni o‘qigan, ko‘pchilik shifo topgan, ammo bunaqasiga birinchi marotaba duch kelib turishi edi. Mannon qariyalarning gapini qaytara olmadi.

U bu borada maxsus o‘qitilmagan bo‘lsa-da, bunday holatlarda qanday duolar o‘qilishini eshitgan. Qadimda ilmi taxsir, ya’ni bo‘ysundirish ilmi deb yuritiluvchi bu ilmdan ma’lum kishilargina xabardor bo‘lishgan. Uni egallash uchun qirq kun chillada o‘tirilgan. G‘aybga ma’qul bo‘lgan kishilargina bu ilmdan bahramand bo‘lganlar. Mannon shularni eslar ekan, o‘z kuchini sinab ko‘rishga ahd qildi.

Kechga tomon qishloq aholisining ko‘pchiligi qiziqish va tomosha umidida qabriston chetidagi sayhonlikka to‘plandi. Tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. O‘ydim-chuqur joylar tekislanib, maydon yantoqlardan tozalandi. Mannon tozalangan maydon o‘rtasiga chiqib, ishlatilmagan po‘lat pichoq bilan doira shaklini chizdi. Qoida bo‘yicha doiralar soni o‘n bitta bo‘lib, har birini chizishda “Ixlos” surasi o‘qilishi lozim. Bu doira qadimda mandal deb yuritilgan bo‘lib, aytishlaricha go‘yo ko‘rinmas devor hosil bo‘lib, doira ichidagi kishini himoya qilar emish. Mannon har bir amalni to‘la bajarib bo‘lgach, doira o‘rtasida o‘tirdi. Qiblaga boqqancha asta-sekinlik bilan duo o‘qiy boshladi.

Nihoyat uch soat tinimsiz o‘qilgan duo o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Qabristonda o‘sib yotgan, odam o‘tib bo‘lmas changalu jiydalar orasidan bilak yo‘g‘onligidagi ilonlar paydo bo‘lib, birin-ketin Mannon o‘tirgan doira tomonga o‘rmalay boshladi. Vahimaga tushgan odamlar bir chekkaga tislanishdi. Ilonlar doira atrofiga to‘planib, boshlarini yuqoriga ko‘tarishganicha duo ohangiga mos holda tebrana boshlashdi. Mannon duo o‘qish jarayonida ularni sanashga ulgurdi. O‘n bitta ekan. Ularni bunchalik ko‘p bo‘ladi, deb o‘ylamagan Mannonning yuragiga bir zum qo‘rquv oraladi. “O‘rdaga duch kelibman” deb o‘ylagancha o‘qishni davom ettirdi...

Ilonlarning ba’zilari tebrangancha Mannonga qarab intila boshladi. Ammo chiziqdan o‘tolmay, ko‘rinmas devorga urilganday orqaga qaytardilar. Buni ko‘rgan Mannon yanada kuchga to‘ldi va o‘qishga zo‘r berdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, duolar o‘z samarasini bera boshladi. Ilonlar tobora yo‘g‘onlashib borayotganligini ko‘rgan Mannon vaqt yetib kelganini angladi va kerakli bo‘lgan sirli so‘zni aytib, ularga sufladi. Mo‘’jiza ro‘y berdi. Ilonlar birin-ketin doira atrofiga yiqila boshladi. Mannon yengib chiqqanini tushunib, ilonlar qimirlamay qolguncha duoni to‘xtatmadi. Mannon ularga qarab turib rosa holdan toyganini, charchaganini his qildi...

Mannonning har bir harakatini kuzatib turgan odamlar u tomonga kela boshladilar-u to‘satdan yana shovqin-suron bilan orqaga qarab chekindilar. Mannon ular qo‘llari bilan imlab ko‘rsatayotgan tomonga qarab bir zum qotib qoldi. Yelkasida xuddi gilamlardagi kabi naqsh solingan yo‘g‘on bir ilon hech narsadan qo‘rqmay, hech kimni pisand qilmaganday xotirjam holatda vishillagancha doira tomonga o‘rmalab kelmoqda edi. Ilon doira oldiga kelib to‘xtadi va boshini yuqori ko‘targancha Mannonga tikildi. Mana o‘sha odamlarning yuragiga qo‘rquv solgan va deyarli afsonaga aylangan ilon! Buni kutmagan Mannon hammasini boshidan boshlashi kerakligini tushundi va o‘qishni boshladi. U o‘qish davomida ilonning ko‘ziga qaramaslikka harakat qildi. Ilon pastki ayri lablari orasidan qora lentasimon ayri tilini chiqargancha asta-sekin tebrana boshladi. Inson va ilon o‘rtasida ruhiy jang, hayot-mamot olishuvi boshlandi. Duo ta’sir qila boshlashi bilan ilon asta-sekin shisha boshladi. Mannon to‘satdan a’zoyi badani qizib ketayotganligini, o‘zi ham shisha boshlaganligini, ilon ham o‘qiyotganligini sezdi. Ikki duoxon o‘rtasidagi ruhiy olishuv kuchaya bordi. Kutilmaganda ilon mandal chizig‘ini buzib o‘tdi. Ilonning chegarani buzib, doiraga kirganligini ko‘rgan odamlar ketmon va belkuraklarni ko‘targancha mullaga yordamga otildilar.Buni ko‘rgan ilon doiradan chiqib, tezda tepalikdagi teshiklardan biriga kirib g‘oyib bo‘ldi. Bir-ikki kishi kovlashga urindilaru yana ham yuraklari dov bermadi...

Mannon bu voqealardan ancha narsani angladi. Bularning hammasi bejiz emas. Ilon albatta uni yana izlab keladi.U ham duoxon, ilonlarning mullasi. Bu ham yaratganning bir sinovi. Demak, katta jangga tayyorlanish kerak. Mannon ilk bor o‘zining ruhiy quvvati hali maromiga yetmaganligini his qildi. Nimadir qilish kerak. Bu olishuvda ketmonu belkuraklar ish bermaydi. Bir narsa ma’lum. Navbatdagi olishuv hayot-mamot jangi bo‘ladi. Yo u qoladi, yo ilon!

Mannon o‘sha kechasi Buxoroga ketayotgan savdogarlarga qo‘shilib jo‘nab ketdi.Buxorodagi Bahovuddin Naqshband ziyoratgohidagi hujralardan biriga joylashdi. Ilm ahli, ustozlar bilan bo‘lgan suhbatlar, tahsir ilmiga oid risolalarni o‘qish uni chiniqtirdi, ruhini tobladi.

Bir kuni Samarqanddan Buxoroga qo‘y haydab kelgan savdogarlar uni ko‘rgani kirishdi. Gap orasida Samarqanddan chiqishda katta bir ilonning gavdasi yirik hisori qo‘chqorlardan birining shoxiga o‘ralib, ustiga kulcha bo‘lib yotgani, undan qo‘rqib hech kim yaqinlasha olmagani, ilonning Buxoroga kirishda to‘satdan yo‘qolib qolgani to‘g‘risida so‘zlab berishdi. Buni eshitgan Mannon miyig‘ida kuldi. Demak, vaqti yetib kelibdi. Bu o‘sha ilon, uni izlab kelgan.

Tonggi ibodatdan keyin Mannon masjid orqasidagi maydonga chiqdi. Mandal chiziqlarini chizib, doira yasadi. U o‘qishni boshlashi bilan qabriston ichidan o‘sha ilon chiqib keldi. Mannon ko‘rgandanoq uni tanidi. U doirani aylanib chiqqach, Mannonga ro‘baro‘ bo‘lgancha boshini yuqoriga ko‘tardi, naqshlarini ko‘z-ko‘z qilgancha dimog‘ini shishirdi. Mannon endi o‘zini ancha bosib olgan, dastlabki o‘qigandagi ilk hayajonlari yo‘q edi.

Shuning uchun ilonning sovuq nigohidan zarracha cho‘chimay o‘qishni boshladi. Yana o‘sha holatlar, qizib ketish, shishish boshlandi. Mannon bularga parvo qilmay o‘qishni davom ettirdi. Ikkisi ham rosa holdan toydilar. Ilon bir necha marotaba mandal chizig‘ini bosib o‘tmoqchi bo‘ldi-yu, ammo boshi devorga urilgandek ortga yiqilib tushaverdi. Nihoyat vaqt yetib kelganini ruhan his qilgan Mannon endi ulkanlashib ulgurgan ilonga sirli so‘zni aytib, dam urdi. Ilon chinqirgansimon ovoz chiqarib, doira yoniga yiqildi. Mannon duo o‘qishda davom etib, amallarni oxirigacha bajardi. So‘ng doiradan chiqib, ancha puchayib ulgurgan ilonni katta bir chuqur qazib ko‘mdi...

Kumushkentdagi do‘sti vafotidan so‘ng Mannon oilasini olib Chelak qo‘rg‘oniga ko‘chib ketdi va qolgan umrini o‘sha yerda o‘tkazdi...

Men bu voqeani Mannon otaning nabirasi rahmatli Hamroqul ota Mannonovdan eshitgadim. Buni qog‘ozga tushirishdan oldin rosa o‘yladim, yuz yillar oldin sodir bo‘lgan bu voqeani ko‘z oldimda jonlantirishga harakat qildim hamda badiiylik bo‘yog‘i ila imkon qadar bezab, hukmingizga havola qildim. 

Tolib Jo‘rayev.