Yolg‘on do‘ppi, qalbaki chopon, soxta “milliy libos”

Men ham teran ilmiy maqolalar yozsam, tadqiqotlar qilsam deyman. Biroq ijtimoiy turmushimizda shunday dolzarb masalalar borki, ularni bir chetga surib, besh-o‘n kitob va internet manbalari asosida “Bo‘ri tishiga sulfat kislotasining ta’siri” kabi hech kimga keragi yo‘q, birov qiziqmaydigan mavzularda qalam tebratish mavridi emas, deya o‘zimga muhim bo‘lib ko‘ringan mavzularga burilib ketaman. Mana, shulardan biri.

Yaqinda kursdosh do‘stlarni yo‘qlab Urgutga bordim. Avvalo diydor, qolaversa, shu bahona Urgutning mashhur bozorini ham aylanishni o‘ylagandim. Choponning yaxshisi, do‘ppining zo‘ri Urgutda bo‘lishini eshitib, sotib olib bir kiyay-chi, sabil qoladigan bu dunyoda, deb niyat qilgan edim.

Safarimizning ertasi bozorni oraladik. Eh-he, narigi chetiga yurib-yurib yeta olmaysiz, buyumlarni ko‘rib-ko‘rib ulgurolmaysiz. Shunaqa katta! “Go‘ro‘g‘li” dostonidagi Ravshanxon kabi “Qalpoq bozori qaydadir?” deya so‘rab-so‘rab joyini ham topdik. Mana, o‘sha mashhur do‘ppi bozor, yonida dong‘i chiqqan to‘n bozori!

Yuzlab hunarmandlar yoyib tashlashibdi do‘ppini. O‘zlari ham ko‘zko‘rarga boshga qo‘ndirib olishgan. Chopon degani-ku uyum-uyum, Xitoydan yuk tashiydigan bahaybat “fura”lar bor-ku, ana o‘shalarga bosib olib ketsangiz ham tugamaydi. Rang-barang, xilma-xil!

Rosa aylandik. Sotuvchilar ham tegramizda rosa aylanishdi.

Ammo... do‘ppi ham sotib ololmay, chopon ham xarid qilolmay, bo‘sh qo‘l bilan, bo‘shashibgina chiqib ketdik. Nimaga deng?

Odam kiyadigan emas, kiysa badani yayraydigan emas bu matohlar! Bari yolg‘on do‘ppi, qalbaki chopon, soxta “milliy liboslar” bo‘lib chiqdi.

To‘nning avrasi ham, astari ham Xitoyning sintetik gazlamasi desak, uning ichi – oraga paxta emas, “gubka” solib qavilar ekan, ya’ni yuz foiz kimyoviy chopon. Hattoki “qavilgan” deganim ham xato, qaviq ham chevarning qo‘lidan chiqmas, mashinada tikilarkan! Bunaqa to‘nni tong saharda kiysangiz – sovqottiradi, peshin kiysangiz – qizdirib, suv-suv terlatadi. Kasal bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, sotib oling-da, kiyavering. Odamdan manikenning farqi qancha bo‘lsa, haqiqiy to‘n bilan bu “chapan” orasidagi tafovut shuncha.

Do‘ppilar-chi?

Bunda ham o‘sha gap. Bola chog‘imizda onamiz do‘ppi tikkanlari yodimga tushdi: ingichka po‘lat sim girdiga oppoq qog‘oz tasmachasi burab o‘ralar, tasmalar o‘sha sim bilan do‘ppi kizagidagi orasi bir millimetr kelib-kelmaydigan qator qaviqlar ichiga kiritilar, sim teskari burab chiqarib olingach, boyagi qog‘oz o‘sha joyida qolardi. Hozirgi “do‘ppi”larda esa qog‘oz yo‘q, baxyalar rasiga baliq tutadigan “leska” shnur bor-ku, o‘sha shundoq kiritib qo‘ya qolinarkan. Demak, bu do‘ppining hamma yog‘i sintetika. Ichi-yu sirti, hatto o‘rtasi ham – fanerdan yasalganday qattiq, chertsangiz taqillaydi. Ustiga bir choynak choy qo‘ying, qilt etmay ko‘tarib turaveradi. Ammo bu “do‘ppi”ni bosh ko‘tara olmaydi, ko‘p kiygan odam xastalanib qolishi turgan gap. Tepasi va yonidagi ipak gullarni ham, kompyuterli avtomat “standart” qilib bir lahzada tikib tashlagan.

Ilgari har bir o‘zbek yigiti o‘z boshida bir san’at asarini ko‘tarib yurardi – do‘ppido‘z ayol oppoq ipak qatimini yuz-yuzlab marta chatib, tepadagi “qalampir” va kizak tevaragidagi “mo‘nchoq” naqshlarni taglikka tikkan, ya’ni har bir do‘ppining har bir nuqtasi qo‘ldan o‘tib, san’at asariga aylangan. Shu sababli hatto biron juvonning ketma-ket tikkan ikkita do‘ppisi ham bir-biriga to‘liq o‘xshamas edi. Qolaversa, har bir viloyatning, hatto har bir tumanning o‘z do‘ppisi bo‘lardi: Andijon do‘ppisi, Marg‘ilon do‘ppisi, Qo‘qon do‘ppisi, O‘sh do‘ppisi, Chust do‘ppisi, Samarqand do‘ppisi... Bolalarning tagligi yashil yo ko‘k tusli, gullari alvon do‘ppilari, kattalarning qora taglikka oppoq ipak bilan naqsh solingan do‘ppilari...

Manov do‘ppilarning guli esa obdon chiroyli, ammo hamma do‘ppi bir xil gulli – “konveyer”dan chiqqan-da. Ularni san’at asari deb bo‘ladimi?

Bir mahallar “sotsialistik realizm”ga muvofiq yozilgan badiiy asarlar shaklan milliy, mazmunan sotsialistik bo‘ladi, deb o‘qitishardi. Ha, bu dogmalar hozir allaqaysi puchmoqlarda qolib ketdi. Biroq manov “o‘zbek choponi”, “o‘zbek do‘ppisi”ga qarasang, o‘sha ta’rif beixtiyor yodga tushadi. Chunki bular ham shaklan – “milliy”, mazmunan esa... hechdir. Ularni “o‘zbek libosi” degan kishi yanglishadi.

Sovet zamoni milliy hunarmandchiligimizni barbod qilishga obdon uringan edi. Shoyi to‘quvchilar, chevarlar, kovushdo‘zlar, beshikchilar, kulollar, gilamdo‘zlar... hammasi ta’qib qilinardi. Odamlar uyidagi biron xona ichida yashirin xona qurvolib, o‘sha nimqorong‘i, zax joyda atlas to‘qirdi. Xuddi jinoyatchi kabi yashirincha sotar edi. Do‘ppifurushlarni melisa ushlar, mahsido‘zlarga kun bermas edi.

Beqasam choponlar, banoras to‘nlar patorat topdi. Ko‘kqarg‘a shoyi belbog‘lar girdiga arabcha yozuvda kelishtirib bayt yo oyat bitadigan qiz-juvonlar bu ishini tashlab, “fabrikani yo‘lida ro‘molcha topib oladigan” bo‘lishdi. Odamlar palto kiyishga o‘tdi, kimningdir egnida to‘n ko‘rsak, azador ekan, deydigan bo‘lib qoldik.

Istiqlol milliy san’atga, hunarmandlikka katta yo‘l ochdi. Uni kengaytirishni, taraqqiy ettirishni taqozo etdi. Hukumatimiz qariyb chorak asrdan beri milliy hunarmandchilik rivoji uchun ko‘p choralar ko‘rdi. Hunar ahliga beriladigan imtiyozlar yil sayin ko‘paytirilyapti, bu o‘rinda ularning hammasini birma-bir aytib tugatolmaymiz.

Hatto o‘sha istibdod zamonida ham bir amallab jon saqlagan o‘zbek hunarmandchiligi nima sababdan bugun patorat topyapti? Nega tobora yupqalashib, xira tortib, omonat narsaga aylanib qolyapti o‘zbekligimiz?

Hamma aybni “olabo‘ji globallashuv”ga, bozor iqtisodiyotiga to‘nkab osongina javob topib qo‘ya qolish qiyinmas. Chunki bundan hech kim xafa bo‘lmaydi. Biroq bizningcha, buning katta bir sababi usta va ustazodalarga yengillik, imtiyoz berish barobarida ulardan ish sifatini uncha talab qilmayotganimiz, san’at o‘rniga sanoatni pesh tutayotganliklariga parvo qilmayotganimiz, qo‘l hunarini barbod etayotganliklarini ko‘rib turib, bundan ko‘z yumayotganimizdir?

Hunarmand birodarlarimiz bu imtiyozlarni shunchaki “yengillik” deb emas, balki o‘z san’atlarini, ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga da’vat, in’om deb bilsalar yaxshi bo‘lar edi. Shunday tushunayotganlar ham yo‘q emas, bor. Masalan, kulol ustalarning sopol lagan va oftobalariga qarab ko‘z quvnaydi, milliy pichoqchilik yanada ravnaq topyapti.

Ammo ba’zi hunarmandlar o‘z mahsulotlarini kishi sog‘lig‘iga ziyon yetkazadigan materialdan yasab yoki shunday narsalarni qo‘shib tayyorlashiga indamay qarab turish o‘shanday qilviriliklarga yanada kattaroq yo‘l ochib beradi. O‘ta qalin, etagi yerda sudraladigan, avra-astari sun’iy matodan bo‘lgan choponni kim kiyib ko‘chada yura oladi, deysiz? Bunday chopon yo do‘ppigina emas, beshiklarning lokli bo‘yoq bilan bo‘yalishi, tuvak va sumaklarni plastmassadan yasash, murg‘ak go‘dak yotadigan ko‘rpacha va uni o‘rab turadigan gahvoralarni sun’iy matolardan tikish kabi sirti yaltir-yultir, lekin bola sihatiga zarari naqd qallobliklar bor. Ular bolani ortiqcha terlatadi, terini shimmaydi, oqibatda tez shamollaydigan qilib qo‘yadi. Bunaqa uchar-maxsum kosiblarning asosiy maqsadi hunar emas, unar – pul topish bo‘lib qolgan. Qandayin bo‘lsa-da.

O‘shanaqa mahsulotlarni “milliy hunarmandchilik namunasi” deb bo‘ladimi? Menimcha, yo‘q.

Ularni bartaraf etish uchun bozorda birov-yarim kosibni insofga chaqirish yoki bitta-yarimta maqola yozib, ayblab o‘tirish kifoya emas. Foydasi yo‘q. Birdan bir chorasi – o‘shanday nobop mahsulot chiqargan “usta”lar ishini rag‘batlantirmaslik. Ya’ni, o‘zbek hunarmandchiligida sun’iy va sintetik ashyolardan narsa tayyorlanmasligidan kelib chiqib, unday mollar kishi sog‘lig‘iga ziyon yetkazishini hisobga olib, qallob hunarmandlarga eng qulay soliq imtiyozlarini joriy etishni to‘xtatish kerak. Bu chora milliy hunarmandchiligimizning ravnaqiga ziyon emas, naf keltiradi.

Banoras, qora va ko‘k satin, beqasam, abrashim ishlab chiqarishni yana yo‘lga qo‘ysak, ularning turlarini ko‘paytirsak, ishoning, odamlar yana qulay, yumshoq, chiroyli chopon kiyishga o‘tadi, bahordan to kuzgacha boshdan do‘ppi tushmaydi. Shamollamay, sog‘liqlari yaxshilanadi.

Yaqinda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov “Toshkent shahrida milliylikni keng targ‘ib qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror chiqardi (Samarqandda viloyat hokimi ham shu mazmunda qaror qabul qildi - Tahririyat). Bu qarorda jumladan, davlat idoralarining xodimlari haftaning bir kunida milliy kiyimda bo‘lishlari belgilangan. Harna-da.

O‘zbekman deganki odam buni alqashi kerak. O‘zligimizga qaytayotganimizdan bir nishona, qutlug‘ mujda bu! Biroq uni hisobot berib qutulish kerak bo‘ladigan yana bir “tadbir”ga, ishxonadagi stol tortmasiga buklab solib qo‘yiladigan bitta do‘ppi yo bir durra bilan “bajardikmi-bajardik” kampaniyasiga aylantirish kerak emas.

O‘z milliy libosidan voz kechgan el ichida manqurt ko‘payadi. Manqurt “zamonaviy odam” bo‘lib ko‘rinadi hammaga. O‘shalar kasriga xalq o‘zligidan voz kecha-kecha, millat sifatida yo‘qolib ketishga o‘zini mahkum qiladi.

Zuhriddin ISOMIDDINOV.

(“Jadid” gazetasining 2025 yil 14 fevral, 7-sonidan olindi).