"Yomon bo‘ladi". Bolaligimizda badxulq ishlardan qaytaruvchi sehrli bu so‘z bugun tarbiya lug‘atidan o‘chirildimi?

Avval mundialda, keyin Osiyo chempionatida 

2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qatnashgan yaponlarning natijasi muxlislarni xursand qildi. Ayniqsa, chempionlikka da’vogar Belgiyaga qarshi o‘yin mag‘lubiyat bilan tugagan bo‘lsa-da kutilmagan birinchi taym barchaning hayratiga sabab bo‘ldi. Ishqibozlar bu o‘yin tahliliga tashna edi. Ammo ertalabki xabarlarda ommaviy axborot vositalari faqat bir narsa haqida gapirardi: stadion xodimlarining aytishicha, o‘yindan so‘ng yapon futbolchilari yechinish xonasini chinnidek toza qilibdi.

2019 yil O‘zbekiston terma jamoasi ham Osiyo chempionatida yaponlar mundialda qilgan ishni qildi (futbolda emas albatta). O‘zimiznikilarning aytishicha, oxirgi uchrashuvdan so‘ng yechinish xonasini sarishta qilib qo‘yibdi. Biznikilar yaponlarga taqlid qilgani uchunmi, harqalay bu haqida gapirilmadi, bu ish hech kimni hayratlantirgani ham yo‘q. Ammo ko‘pchilikning ko‘ngliga bir narsa taskin berdi: hech bo‘lmasa tozalikda o‘rnak bo‘lishibdi-ku. 

Buxorolik nemislar

Taniqli ijodkor Sultonmurod Olim bir suhbatida Germaniyaga borganida shahardagi ozodalikni ko‘rib havas qilganini aytadi. Hech bir joyda na sigareta qoldig‘i, na pista po‘chog‘i, na suvdan bo‘shagan idishni ko‘rgan. Buni Buxorodagi holat bilan solishtiradi. Shoir agar bu ozoda shaharga buxoroliklarni olib kelib qo‘ysa nima bo‘lardi, degan savolni beradi o‘ziga va o‘zi javobini aytadi: xuddi Buxorodagi holat, ya’ni har joyda sochilib yotgan chiqindi va betartib tandir-o‘choqlarni ko‘z oldiga keltiradi. Nemislarni bizga olib borsa-chi... Demak, ozodalik inson ongidan boshlanishi lozim, degan to‘xtamga keladi shoir. 

Xorij qanday yo‘l tutyapti?

Biz havas bilan gapiradigan o‘lkalarning yutug‘i chiqindi bo‘yicha qonun-qoidalarning mukammal ishlab chiqilgani va samarali nazorati, tozalik borasida aholining madaniyati va bu ishlarda  kishilarning bir-biriga ibrat ko‘rsatishida bo‘lsa ajabmas.   

Masalan, Avstriya hukumati ko‘chaga chiqindi tashlovchilarga qarshi keskin choralarni joriy etgan. Jamoat joyida bo‘sh shishani qoldirgan kishi 90 yevro jarima to‘laydi, ko‘chaga chiqindi tashlash taqiqlangan. Singapurda chiqindini belgilanmagan joyga tashlagani uchun jarimalar katta. Ko‘chada tupurish, saqich chaynash va yo‘l-yo‘lakay nimadir yeb ketish qonun bilan taqiqlangan. Ushbu harakatlarning har biri uchun 700-800 Singapur dollarigacha jarima solinadi. Germaniyada chiqindini maxsus qutiga tashlamagani aniqlangan qonunbuzarga 100 yevrogacha jarima qo‘llaniladi. Sigareta qoldig‘i, chanqoqbosdi ichimliklar idishini yerga tashlash 20 yevro, ovqat qoldig‘ini duch kelgan joyga uloqtirish 30 yevro miqdorida jarima jazosiga sabab bo‘ladi. Jarima degan so‘z yoqimsiz eshitilishi mumkin, albatta. Ammo birgina e’tiborsiz kishining nojo‘ya harakati minglab odamlarning kayfiyatiga, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilsa-chi? 

Qilinayotgan ishlarning natijasi faqat mablag‘ga bog‘liqmi?

O‘tgan yili fransuzlar ishtirokida Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarning boshqaruvini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish boshlangandi. 37 million yevrodan ortiqroq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan loyiha mutaxassislar fikricha, chiqindilarni raqamli, ya’ni aqlli boshqarishning samarali yechimi bo‘ladi. Shahrimizda turizmni rivojlantirish maqsadida bu jabhada doimiy izlanish va amaliy ishlar olib borilayotgani rost.

Ammo qo‘lidagi turli ichimlik va yegulikdan bo‘shagan plastik idish yoki polietilen paketlarni duch kelgan tomonga uloqtirayotgan ayrim hamshaharlarimiz ongida ozodalik tushunchasiga joy topilmas ekan, chiqindilarni aqlli boshqarishning naf berishiga ishonish qiyin. Tozalikka mas’ul shaxslarning sa’y-harakati bilangina bu muammoni hal etishning imkoni yo‘qligi kundan kun oydinlashmoqda.  

Barchasiga javob urf-odatlarimizda

Poklik iymonning yarmi, deyilgan muqaddas kitoblarimizda. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», deganlar.

Yangi kelin tushgan xonadon eshigi oldini erta tongdan supurib, ozoda qilib qo‘yishi, hayitlarda qo‘shnilar birgalikda hovli, ichki ko‘chalarni tozalashi, turli sabablar bilan o‘tka ziladigan hasharlar, bularning bari urf-odatlarimizning jon tomiri. Ammo negadir tozalik bizda borgan sari jiddiy muammoga aylanyapti.    

Ilgarilari odamlar ariq suvidan ichardi. Bugun mahalla oralab oqib o‘tadigan ariqdan suv ichish tugul suvning yuziga qarab bo‘lmaydi. Ota-onalarimiz chiqindini ariqqa supurma, suvga tupurma, ko‘chaga axlat tashlasang yomon bo‘ladi, deb qayta-qayta uqtirar edi. Ana shu yomon bo‘ladi degan so‘z bizga insoniylik chegarasini ko‘rsatib turgan. Yoki bolaligimizda badxulq ishlardan qaytaruvchi sehrli bu so‘z bugun tarbiya lug‘atidan o‘chirilganmi?

Sulaymon Mardiyev.