Yopiq hayot ortida
Bu yerda hayot ertalabki soat to‘rtdan boshlanadi. 35 nafar ayol ish vaqti – 8.00 gacha yuvinib taranib, nonushta qilib olishi kerak. Keyin esa ishga. Ish kattagina sexda, tikish bilan bog‘liq mashg‘ullikdan iborat.
Keling, Past Darg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi 37-sonli manzil-koloniyadagi shartnoma manzillaridan birida yashovchi qahramonlarimizning ba’zilarining ichki kechinmalari bilan tanishsak.
Sharoitlarni o‘ylashga xayolimda joy yo‘q
-Qashqadaryodanman asli. Bu yerdagi sharoitlardan nolimayman. Sanatoriydamasmizku. Ishlasak, shunga yarasha mablag‘ beriladi. O‘sha pulga oziq-ovqat, o‘zimizga kerakli narsalar sotib olamiz. Bekor o‘tirgandan ko‘ra ishdan keyin ham ishlasam deyman. Ish bilan chalg‘imasa odam bu xayollardan qutulish juda qiyin...
Nevaram tug‘ilgach, uning umriga zomin bo‘lganman... Nomus qilganman, turmush o‘rtog‘imdan qo‘rqqanman, buni eslash juda og‘ir, garchi xayolimdan ketmagan bo‘lsa-da. Ammo ovoz chiqarib kimgadir aytish uchun katta kuch kerak. Har kuni eslayman, har kuni go‘shtqiymalagichdan o‘tayotganday ezg‘ilanaman, shunday azob beradi bu xayollar. Ichimdagi qiynoqlar oldida bu yerdagi sharoitlar hech narsa emas. Undan ko‘ra ish vaqti tugagandan keyin ham tikish qilaman, shundan taskin topaman.
Uchrashuv xonasi bo‘lishi kerak
Bu opadan farqli ravishda bu yerdagi sharoitni doimiy ravishda o‘ylaydigan, bundan norozi ayollar ham bor.
-Yetti yildan ziyodroq muddat berilgan menga. 29 yoshdaman. 165-modda bilan ayblanganman. Guruhli bosqinchilik. Onam va singlim ham qamalgan.
-Bir oiladan uch kishi? Juda og‘irmidi jinoyatlaringiz?
-Qo‘shnimiz bilan kelishmay qolgandik, o‘rtada juda katta janjal ko‘tarildi. Natija shunday bo‘ldi. Koloniyada paytim turmushga chiqdim. Bu yerdagi sharoitlarni ko‘ryapsiz. Hatto qarindoshlar bilan ko‘rishish uchun joy ham ajratilmagan. Ko‘rishish uchun uzoq yo‘l bosib, yo‘lkira sarflab koloniyaga borishimiz lozim. Bu yerda ham shunday sharoit yaratilishi kerak, deb o‘ylayman.
Bolalarimga ham pul jo‘nataman
-Biz ham saylovlarda ishtirok etishga haqlimiz. Yaqinda muddatidan ilgari Prezidiyentlik saylovi bo‘larkan. Biz o‘z ovozimizni berishimiz kerak.
-Konstitutsiyadagi o‘zgarishlarga ko‘ra shunday bo‘ladi. Faqat sud hukmi bilan muomalaga layoqatli bo‘lmagan shaxslargina saylovda ishtirok etmaydi, sizlar ham albatta saylovda ishtirok etasizlar.
-Chunki siyosatni, ayniqsa bugun tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni ayrim ochiqda yurganlardan ko‘ra yaxshiroq tushunaman.
-Tadbirkor bo‘lganmisiz?
-Ha, katta tadbirkorligim bor edi. Ehhe, boshimizdan qanday qiyinchiliklarni o‘tkazganmiz. Balki hozirgi imkoniyatlar bo‘lganda o‘sha jinoyatga qo‘l urmagan bo‘larmidim. 164-modda bilan tushganman bu yerga. “Srogim” ham kattagina.
-Boshqa mahkumalar singari bu yerdagi sharoitlar haqida deyarli gapirmayapsiz. Vaholanki, aytishingizga qaraganda, juda yaxshi sharoitlarda yashagansiz?
-O‘zim tadbirkor bo‘lganim uchundir, bu opaga (sex egasini nazarda tutayapti) bir tiyinni, buyurtmalarni topish qanday qiyinchilik bilan kelishini juda yaxshi tushunaman. O‘zim tinimsiz ishlayapman, mana, qo‘llarimni qarang...
-Shunga yarasha haq olasizmi?
-Albatta. Ishdan keyin ham 9-10 gacha qolib, tikish qilaman, kimdir dam olishni istaydi. Lekin men doimiy mehnatga o‘rganganman. Ishbay haq to‘langani uchun kimdir oyiga 500 ming oladi. Men esa 3-4 million so‘mgacha olgan paytlarim bo‘lgan. Bu yerdagi yeb-ichishimdan orttirib, bolalarimga ham jo‘natib turaman. Ularning o‘qishini shu yerdan turib nazorat qilaman. O‘qituvchilariga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni bilishga urinaman.
-Ular bilan gaplashganda o‘zingizga nisbatan nomunosib munosabatni ham his qilganmisiz?
-Bunaqasi ham bo‘lgan. Lekin men ularga xatoni sodir etishdan hech kim kafolatlanmagani, har kimning boshiga bu ko‘rgulik tushishi mumkinligini tushuntiraman. Keyin o‘zlariga kelib qolishadi.
-Bu yerdan chiqqach, rejalaringiz ham aniq bo‘lsa keraga?
-Albatta. Tadbirkorlik ishimni ochaman. Hozirgi sharoitlarda tadbirkorlik qilmaslik uyat.
“Men tufayli isnodga qoling, dada!”
Ushbu qahramonimiz bilan suhbatimiz biroz og‘ir kechdi. To‘g‘ri, u bir qaraganda ich-ichidagi juda ko‘p sirlarni ochib gapirdi. Ammo sodir etgan jinoyatini aytishni istamas, to‘g‘rirog‘i, bu yerda o‘zining aybdor ekanligiga nazarimda, o‘zi ham ishongisi kelmasdi.
-Hayotim shunday bo‘lishiga o‘zim sababchiman, aslida. Bilasizmi, aytilgan har bir gapga farishtalar omin deydi, yoki otani norozi qilishdan og‘ir gunoh yo‘q, degan gaplarni ko‘p eshitganmiz. Lekin jahl kelganda aql-hush ham ketadi, deyishadiku.
Hali turmushga chiqmasimdan ancha avvalroq onam og‘ir kasallikka chalinadi. Asosiy qarovchi o‘zim edim. Hovlimizda kattagina tomorqamiz bor. Opalarim turmush qurib ketishgan, shuning uchun ro‘zg‘or ishlariga ham o‘zim, kundan-kun ahvoli og‘irlashib borayotgan onamga qarashga ham asosan o‘zim balogardon edim. Ekin ekardim, mol-holga qarab, tomorqadagi mahsulotlarni bozorga chiqarib, sotardim, shu bilan ancha chalg‘ir, onamning azoblari biroz yodimdan ko‘tarilardi. Ammo shunday kunlarning birida otamning boshqa ayolga uylanganini eshitib qoldim. Tasavvur qiling, og‘ir ahvoldagi onasiga qarayotgan yosh qiz bu xabarni eshitsa qanday holga tushadi? To‘g‘risi chidolmasdim. Ichimdagi g‘azabimni otamga aytib solardim. Endi bu yerda o‘tirib, ko‘p voqealarni tahlil qilayapman. Menku, yosh qizman, lekin nega opalarim, ko‘pni ko‘rgan buvim ham menga nasihat berishmagan. Aksincha, otangga ayt, otangni bu yo‘ldan qaytar, deya meni gij-gijlayverishgan? Sen shaddodroqsan, otang sening aytganingga ko‘nadi, deya shundoq ham onamning har kuni so‘layotganidan bezovta asablarimga gugurt chaqishdi.
-Otangiz uylangan ayolga ziyon yetkazdingizmi?
-Yo‘g‘e, shoshmay eshiting... Xullas, uyda juda tarang vaziyat yuzaga keldi. Otamga bir safar qattiqroq gapirdim. Otam oxiri yuzimga bir shapaloq tortib yubordi. Uning bu harakati yuragimdagi alamni battar alangalatdi. Otamni isnodga qo‘ysam undan o‘ch olamanmi, alamimdan chiqamanmi, deb o‘yladim. Xullas, ota-onam, o‘zim ham roziligim bilan unashtirilgan yigitga emas, umuman boshqa bir insonga turmushga chiqaman, deb turib oldim. Otamning yuziga qarab: “Men tufayli isnodga qolingda, bir umr qiynalib yuring!”, dedim jahl, alam bilan!
Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay otam rostdan ham men tufayli bosh ko‘tarolmaydigan darajadagi isnodga qoldi. Bunday bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz...
Men alam bilan tanlagan oiladagi muhit yaxshi emasligini hammamiz yaxshi bilardik. U yerda menga oson bo‘lmasligini tushunib, jahl ustida shu qarorga keldim va oradan vaqt o‘tib ham bu qarorimdan qaytmadim. Oiladagi turli kelishmovchiliklar, adolatsizliklar qonimni qaynatardi. Nahotki ona o‘z oilasiga, o‘z farzandlariga shunchalik adolatsiz bo‘lishi mumkin, deb o‘ylardim.
Keyin hammasi tugadi, mana shu tariqa.
-Bu yerdan chiqqaningizdan so‘ng nimalar qilmoqchisiz? Ko‘nglingizda qanday niyatlar bor?
-Juda ko‘p ayriliqlarni boshimdan o‘tkazdim. Endi otamning ko‘nglini hecham og‘ritmasam, derdim. “Zona”da paytim elektriklik kasbini o‘rgandim, ancha ishladim ham. Ozodlikka chiqqach, bemalol shu kasb bilan shug‘ullana olaman. Boya aytganimday, hovlimiz kattagina. Mol-hol qilaman, ekin ekaman. Bu sohada qanday daromad qilishni yaxshi bilaman. Aytdimku, juda mehnatkashman, hech qachon mehnatdan qochmaganman.
Rostdan ham bu qahramonimiz mehnatdan qochmas ekan, shu yerda ham boshqa qismatdoshlaridan ko‘ra anchagina yaxshi ishlab, ko‘proq oylik olarkan. Shaddodligi, adolatsizlikka murosasizligi ko‘rinib turibdi. Unga qaynonasining qotilligiga sheriklik hukmi e’lon qilingan.
Dardini aytmay qiynalayotgan odam ko‘makka muhtojroq
-Men o‘z haq-huquqlarimni juda yaxshi bilaman, bu yerdagi sharoitlarni ham, boshqa gaplarni ham bemalol gapirib olaveraman. Sizga o‘zim haqimda emas, boshqa voqeani aytib berishni istardim, - deya gap boshladi navbatdagi qahramonimiz.
-Marhamat, o‘zingiz haqda aytishni istamasangiz, bu sizning huquqingiz.
-Bilasizmi, bu yerdagi ko‘pchilik xotin-qizlarga psixolog ko‘magi kerak.
-Psixolog tez-tez kelib turmaydimi?
-Yo‘qda, shuning uchun sizga bu haqda aytyapman.
-Xavotiringizga jiddiy sabablar bormi? Kimningdir agressiv harakatlarini kuzatganmisiz yoki...
-Menimcha, hech qanday agressiv harakat qilmay, ichidagi dardini hech kimga aytmay qiynalayotgan odamdan ko‘proq qo‘rqish kerak. Masalan, bu yerdagi mahkumalardan biri turmush o‘rtog‘ining doimiy tazyiqlaridan so‘ng ikki bolasi va o‘zining joniga qasd qilgan. Buni qarangki, farzandlari nobud bo‘lib, o‘zi tirik qoldi. U ayolning ruhiyati joyida emas, deb o‘ylayman, uning azoblanishiga qarashning o‘zi azob. Lekin baribir u hayotidagi fojialarga bor sababchi turmush o‘rtog‘i, deb biladi hamon. Ayniqsa, uning uylanib, yaxshi yashab yurganini eshitib, aqldan ozguday bo‘ladi. Bu yerdan chiqib, u yana bir jinoyat sodir etmasligiga kafolat berish qiyin.
Kechki beshdan keyin bu yerda odatdagidek, o‘ziga xos tirikchilik davom etadi. Navbati bilan bitta gaz plitasida taom tayyorlashga kirishadi ayollar. Kimdir taomining yaxshi chiqishini o‘ylaydi, kimdir bu yerdan chiqqandan keyingi hayotini.
Umuman, bu maskandagi ayollarning har birining o‘z hikoyasi bor, har biri o‘zicha haq. Kimdir o‘z qilmishlaridan pushaymon, aybdor faqat men emasman, jinoyatga turtki bo‘lgan omillar sabab barchasiga, degan qat’iy fikrda. Ko‘pchilik bu yerdan chiqqach, hayotini o‘nglab olish haqida o‘ylaydi, yana boshqalar shu yerda ham yaxshiroq hayot kechirishim ham shart degan fikrda. Hayot kurashlardan iborat, bu maskan ham bu qoidadan xoli emas. Kurashib, tirmashib, mehnat qilib yashamasang, holing abgor bo‘lib qolaveradi.
Manzil-koloniyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Samarqand viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakili Diyor Husanov ayollarning muammolari, haq-huquqlari bilan bilan bog‘liq shikoyatlarini eshitdi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur choralarni belgiladi.
Gulruh MO‘MINOVA.