Yoqutiston delegatsiyasi Samarqandga keldi

Rossiya Federatsiyasining Saxa (Yoqutiston) Respublikasi Hukumat Raisining o‘rinbosari K.Borisov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov kutib oldi.

Viloyat hokimligida delegatsiya a’zolari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Yoqutiston va O‘zbekiston o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy, ta’lim, madaniyat sohalarida, balki turizm sohasida ham yaqin aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, 2024 yilning oktyabr oyida Yoqutistonda bo‘lib o‘tgan turizm forumi doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

Bugungi uchrashuv davomida turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Yoqutistonning tabiiy va madaniy boyliklari bilan Samarqandning boy tarixiy merosi o‘zaro turistik almashinuvni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishi ta’kidlab o‘tildi. Tomonlar kelgusida turizm sohasida qo‘shma tadbirlar tashkil etish, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalarida fikr almashdilar.