Yorqin ufqlarga chorlovchi da’vat
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘qir ekanman, yaqin kelajakda O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotida tutadigan o‘rni, imkoniyatlari ko‘z o‘ngimda gavdalandi.
Jahon iqtisodiyoti tarixini kuzatar ekanmiz, ikki asosiy tamoyilni ilg‘ash qiyin emas. Dastlab, sanoati rivojlangan davlatlar hukmronligi va so‘ngra neft sotuvchi mamlakatlar yuksalishi ko‘zga tashlanadi. Bugun esa uchinchi tamoyil – yer ne’matlari yetishtiruvchi o‘lkalar ravnaqidan darak beruvchi hayotbaxsh shabada taralmoqda. Kelajakda turli sanoat uskunalaridan ko‘ra insoniyatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor, dunyo bozorida dehqonchilik mahsulotlariga ehtiyoj oshadi. Sababi, sanoat mahsulotlarini istalgan iqlim sharoitida, istalgan mintaqada ishlab chiqarish mumkin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini esa hamma joyda ham yetishtirib bo‘lmaydi. Shu jihatdan qaraganda jannatmonand O‘zbekiston ulkan imkoniyatlarga ega. Yaqin kelajakda jahonning juda ko‘p davlatlari dasturxonidan mirishkor dehqonlarimiz ona zaminimizda yetishtirgan noz-ne’matlar joy olishiga ishonchim komil.
Birgina qovunimiz! Har qanday chet ellik sayyoh yoki mehmonlarimiz, uni yeyishni qo‘yavering, tomosha qilgani, hidlab ko‘rganidan terisiga sig‘may quvonishi bor gap. Yer yuzida yagona qovunchilik ilmiy-amaliy markazi bizning yurtimizda bo‘ladi, haqiqiy ma’noda, asal qovunlar o‘lkasiga aylanamiz. Hatto pishiqchilik payti paykalda bo‘lish – qovun sayli zavqi soha bilan bog‘liq sayyohlik yo‘nalishini shakllantiradi, ekoturizmning o‘ziga xos ko‘rinishi paydo bo‘ladi. Bug‘doyimiz va paxtamizning bugungi, ertangi shuhrati haqida gapirmay qo‘ya qolaylik, uzum, anor, o‘rik, ehe, aytib ado qilish qiyin. Ayniqsa, yong‘oq dunyoning ko‘plab bozorlari rastalaridan joy olishiga ishonamiz. Eng qimmatbaho qog‘oz, yog‘och va yog‘och mahsulotlari ham yurtimiz nomi bilan shuhrat qozonadi.
Ilash ABDIYeV,
Past Darg‘om tumani.