Yosh bolali ota-onaga maslahatlar

Har bir ota-ona farzandining ma’naviyatli bo‘lishini istaydi. Ma’naviyatli bo‘lish – komillikka intilishdir. Komillikka intilish esa mustaqil, erkin fikr yuritishdan boshlanadi.
Bolaning dunyoqarashi dastlab oilada shakllanadi.
Aytishlaricha, Napoleonni bolaligida: — Janob, turing, sizni buyuk ishlar kutyapti! — deb uyg‘otishar ekan. Bu nimani anglatadi: Bola go‘dakligidan kelgusida qanday buyuk ishlar qilishi kerakligini bilib ulg‘ayishi kerak. Ota-ona bolasiga qarab, uning risoladagidek voyaga yetishini, kasbi-korga ega bo‘lib, o‘ziga va boshqalarga foydasi tegadigan inson bo‘lishini orzu qiladi. Lekin bu ezgu niyat amalga oshishi uchun uni go‘dakligidan boshlab, toki aqlini taniguncha nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida barcha ota-ona ham yetarli bosh qotirmaydi.
Bola ruhiyatini o‘rgangan tadqiqotchilar, unga kattalar tomonidan aytiladigan “qilma”, “tegma” kabi da’vatlar miyasining tormozlanishiga olib kelishini ta’kidlashadi. Bolaga man etishdan ko‘ra, unga biror ishni qilmaslik yoki biror narsaga tegmaslikni tushuntirishga harakat qilish ijobiy natija berarkan. Masalan, issiq choynakka qo‘l cho‘zgan go‘dakning barmoqlari choynakka tegishiga qo‘yib berilsa, u ikkinchi bor bu ishni takrorlamaydi. Agar harakatiga to‘sqinlik qilinsa, bola kattalar ko‘zini shamg‘alat qilib bo‘lsa ham, paytini poylab o‘zini choynakka uradi. Kuyish holatlari ko‘pincha shu tufayli sodir bo‘larkan.
Yaponlarda beshikdagi chaqaloqqa kitob o‘qib berish odati bor. Kunchiqar yurt bolalarining kitobga ishtiyoqi balandligi sababi shundan emasmikan?
Bola yoshligidan fikrini erkin ifoda etishni o‘rgansa, katta bo‘lganida tortinchoq bo‘lmaydi. Tili chiqishi bilan bola tinimsiz gapirishni istaydi. Uning “bidirlashini” tabiiy ehtiyoj sifatida baholash kerak. Shu orqali u talaffuz qilishni o‘rganadi, nutq mashqlari orqali so‘z boyligini oshirib boradi. Bunday vaqtda undan ko‘p gapirmasligini talab etish, faqat nutqi rivojlanishiga salbiy ta’sir etmay, bora-bora “ichimdagini top” toifasidagi odamga aylanishiga sabab bo‘ladi.
Bolaning dunyoqarashini oshirishga ehtiyoj uyg‘otadigan vaqt maktabga qadam qo‘yguncha bo‘lgan davri hisoblanadi. Prezidentimiz bejizga 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish masalasini dolzarb qilib qo‘ymagan. Lekin bolaning tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan davrida ota-ona unga tegishli metodik tarbiyani berishi lozim. Buning uchun ota-ona shu yoshdagi bolani tarbiyalash uchun nimalar qilishi zarurligini o‘zi yaxshi bilib olishi kerak. Buning uchun tajribali pedagoglarning bola tarbiyasiga oid kitoblarini varaqlab chiqish talab etiladi. Bu kitoblarni do‘konlardan topish mumkin. Yoki internet saytlariga kirib bola tarbiyasi haqidagi maqolalarni o‘qish orqali yaxshigina malaka orttirsa bo‘ladi.
Bolamizni o‘zimiz orzu qilgan inson bo‘lib voyaga yetishini istasak, uni go‘dakligidanoq tegishli foydali ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga erishishimiz lozim.
Xurshid NURULLAYeV