Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yosh ishchi-xodimlar “Zakovat”da bellashdi

Samarqand shahrida O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand va Jizzax viloyat kengashi tizimiga kiruvchi tarmoq korxona hamda tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ishchi-xodimlardan tashkil topgan besh jamoa o‘zaro bahs olib bordi.

Tadbir avvalida viloyat kengashi raisi S.Rafiqov ishtirokchilarga omad tilab, bu kabi bilim bellashuvlarini o‘tkazish orqali ishchanlik qobiliyatini yanada oshirishga erishish muqarrarligini ta’kidladi. 

Intellektual o‘yinida “Samarqand avtomobil zavodi” korxonasining ikkita jamoasi, “ElXolding IIChB” MChJ, Jomboy tumanidagi “Uz Truck and Bus Motors” MChJ kabi jamoalar ishtirokchilari o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

- Hududlarda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yiniga asosan ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh ishchi-xodimlarni jalb etib kelmoqdamiz, - deydi O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi bo‘lim bosh mutaxassisi Dildora Alimova. – Kengashimizga respublika bo‘yicha 92 ming nafardan ortiq ishchi-xodimni birlashtirganmiz. Bu kabi bellashuvga ko‘proq yoshlarni jalb etib kelyapmiz. Bundan maqsadimiz og‘ir sanoatdagi ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etib kelayotgan yoshlarni bilim va ko‘nikmasini oshirish, ularni ishchanligini ta’minlashdan iborat. Eng muhimi, tadbirimiz natijasida ularning qobiliyatlari yanada namoyon bo‘lib, yangi qirralari ro‘yobga chiqmoqda. Bahsimizning saralash bosqichi mart oyida korxonalarda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, respublika bosqichi may oyida o‘tkaziladi. Unda viloyatlardan g‘olib bo‘lgan jamoalar o‘zaro bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.   

       

Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, “Samarqand avtomobil zavodi” jamoasi barcha berilgan savollarga tezkor va aniq javob qaytarib birinchi o‘rinni egalladi hamda respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, g‘olib jamoaga Xorazm viloyatiga uch kunlik bepul sayohat sertifikati topshirildi.

Husan Eltoyev.