Yosh jurnalist kadrlarni tayyorlash: muammo va istiqbollar
Viloyat Matbuot uyida shu mavzuda tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev, “Ovozi Samarqand” gazetasining bosh muharriri Bahodir Rahmonov hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
Dastlab jurnalistika sohasining jamiyatdagi o‘rni va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanishicha, “Ovozi Samarqand” gazetasi qoshidagi “Yosh jurnalistlar mahorat maktabi” 1994 yilda o‘z faoliyatini boshlab, bugungi kunga qadar 150 nafarga yaqin tinglovchi tahsil olgan. Hozirda ularning ko‘pchiligi respublika va viloyat bosma ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radiolarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Mazkur mahorat maktabi esa 2023 yil oktyabr oyida o‘z faoliyatini boshlab, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali va taniqli jurnalistlar 6 oy davomida tinglovchilarga dars o‘tib, o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, jurnalistikaning sir-asrorlari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etish joizki, “Yosh jurnalistlar mahorat maktabi” tinglovchilari tomonidan olti oy davomida “Ovozi tojik”, “Ovozi Samarqand”, “Samarqand” gazetalari, shuningdek, “Durdonai Sharq” ilmiy, adabiy va madaniy jurnalida 100 dan ortiq maqola va xabarlar chop etildi. Shuningdek, “Ovozi Samarqand” gazetasida tinglovchilarning tanqidiy-tahliliy, mulohazali materiallari jamlanib, yetti marta «Navqalam» sahifasi tayyorlandi.
– “Yosh jurnalistlar mahorat maktabi” o‘z shogirdlari faoliyati uchun tajriba maktabidir, - dedi mahorat maktabi tinglovchisi Yusuf G‘afforov. - Bu maktabda o‘rgangan ko‘nikmalarimiz kelajakda hayot yo‘limizda albatta qo‘l keladi.
Tadbir davomida 15 nafar tinglovchiga «Yosh jurnalistlar mahorat maktabi»ni muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Asaloy Sarxatzoda,
“Yosh jurnalistlar mahorat maktabi” tinglovchisi.