Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Yosh kitobxon” tanlovi jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda yoritib borildi

Kecha, 12 aprel kuni Zarnews.uz saytida “Yosh kitobxon” tanlovidan ko‘nglim qoldi” sarlavhali ostida maqola e’lon qilindi. Ushbu maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Avvalo, ta’kidlash lozimki, mazkur tanlovning nufuzi va qamrovi yildan-yilga ortib bormoqda. Shuning uchun “Yosh kitobxon” tanlovida respublika bo‘yicha 2017-2020 yillar davomida 2 million. 470 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi. Samarqand viloyatida esa 10-14 yoshlilar o‘rtasida 2531 nafarni, 15-19 yosh doirasida 2629 nafarni, 20-30 yosh toifasida 1098 nafarni tashkil qildi.

Tanlovning o‘tgan yilgi bosqichlaridan farqli jihatlari bor, birinchidan, arizalar onlayn tarzda qabul qilindi, ikkinchidan, ishtirokchilar badiiy asarlar bilangina cheklanib qolmasdan, ilmiy-ommabop kitoblarni (masalan, qiziqarli matematika, qiziqarli kimyo, qiziqarli geografiya, qiziqarli fizika, «Tib qonunlari») ham o‘zlashtirdi, uchinchidan, yoshlarni mustaqil va keng fikr yuritishga undaydigan shartlar («Tezkor savol-javob», «Erkin mavzu» shartlari) qo‘shildi.

Tanlovning viloyat bosqichi joriy yilning 19-20 mart kunlari Samarqand shahridagi yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi va har bir yosh toifasi (10-14, 15-19, 20-30 yosh) bo‘yicha tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan jami 48 nafar kitobxon yoshlar 3 ta shart (“Buyuk mutafakkir va adib”, “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Erkin mavzu” shartlari) bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.

Tanlov jarayonlari O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasining (Telegram, Facebook, Instegram, You Tube) ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida muntazam ravishda yoritib borildi.

Yuqoridagi maqolada ishtirokchi (Munisa Shamsiyeva) tanlovning tuman bosqichi bir kunda o‘tkazilmaganligi, tanlov bo‘lib o‘tgan tumandagi qatnashchilar keyingi tumandagilarga savollarni bo‘lishish imkoniga ega bo‘lganligini yozgan. “Yosh kitobxon” tanlovi Nizomida belgilangan tuman (shahar) g‘oliblarining viloyat bosqichida ishtirok etadigan jarayonlari, tanlovning tartibi respublika ishchi guruhi tomonidan belgilangan.

Har bir shartning vaqti, baholash tartibi va tanlov shartlari respublika ishchi guruhidan ma’qullangan hamda to‘liq amaliyotda sinab ko‘rilgan.

Tanlovning tuman (shahar) bosqichlarini o‘tkazish jarayonida hech bir mas’ul tomonidan tanish-bilishchilik, savollarning oldindan berilganligi yuzasidan noqonuniy ishlar amalga oshirilmagan. Chunki respublikadan yuborilgan savollar maxsus konvertlarda muhrlangan va bular tanlov boshlanishidan oldin xolislar (ishtirokchilar) oldida ochilgan. Bu jarayonlar ishchi guruhlar tomonidan rasm hamda videotasvirga olingan.

Shuningdek, har bir shart yakunida hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilardan shart bo‘yicha taklif-mulohazalar va e’tirozlar so‘ralgan. Ikki kun davom etgan jarayonlar davomida tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etgan yoshlardan birorta mulohazali va e’tirozli ma’lumotlar bildirilmagan va jarayonlarning barchasi videotasvirga olingan.

O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.