Yosh qutqaruvchilar tayyorlanmoqda
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida, mard va jasur qilib tarbiyalash, ularda el-yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish maisadida 5 kunlik o‘quv-kursi o‘tkazildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan kursda Samarqand shahri, Jomboy, Past Darg‘om hamda Samarqand tumanidan 18 nafar yosh ishtirok etdi.
— Bolalikdan shu sohada ishlashni orzu qilganman, kurs haqida eshitib, birinchilardan bo‘lib ro‘yxatdan o‘tdim, - deydi pastdarg‘omlik Azamat Ziyovuddinov. – O‘quv-yig‘ini besh kun davom etgan bo‘lsa-da, juda ko‘p narsalarni o‘rgandik. Xususan, bugun tez-tez sodir bo‘layotgan is gazidan zaharlanish, yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ham nazariy, ham amaliy bilim hosil qildik. Qutqaruvchilarning kun tartibi, vazifa va majburiyatlarini o‘rgandik. Aytishim mumkinki, o‘qish jarayonida mening qarorim yanada qat’iylashdi.
Kursning maqsadi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga biriktirilgan yoshlarni joylarda turli xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etishini ta’minlashdir.
Bundan tashqari, ularga favqulodda vaziyatlar sharoitida o‘ziga va boshqalarga birinchi yordam ko‘rsatish, favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganida va sodir bo‘lganida harakat qilish, jamoaviy va shaxsiy muhofaza vositalaridan foydalanish qoidalari va tartibi ham o‘rgatildi.
— Endi yosh qutqaruvchilarimiz o‘z mahallasi va tumanida targ‘ibot ishlarini olib borishi, yaqinlari va do‘stlariga o‘zi egallagan ko‘nikmalarni o‘rgatishi kerak, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Ilhom Boqiyev. – O‘quv-kurslari tizimda kadrlar zaxirasini yaratish hamda iqtidorli yoshlarni sohaga jalb qilish maqsadida tizimli ravishda o‘tkaziladi. O‘z navbatida, hududlardagi targ‘ibot tadbirlarida faollik ko‘rsatgan yosh tinglovchilar xizmatga jalb qilinadi.
O‘quv-kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga "Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi targ‘ibotchisi" sertifikati, Yoshlar ittifoqiga a’zolik ko‘krak belgisi hamda kitoblar to‘plami berildi.