Yoshiga yarashib yashagan odam yoxud jurnalist Adham HAYITOVni eslab

Adham aka bir umr, 49 yil bir joyda “Zarafshon” tahririyatida ishladi. Gazetachilikning barcha bosqichini o‘tadi: musahhih, tarjimon, muxbir, katta muxbir, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari, murabbiy muxbir bo‘ldi. Viloyat yoshlar tashkilotining laureatligini qo‘lga kiritdi. “Yilning eng faol jurnalisti” deb e’tirof etildi, “Shuhrat” medali oldi.

Ammo bu narsalarga erishish oson kechgan emas. Men Adham aka bilan 1973 yilda tanishganman. U kishi “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”)da musahhih, men SamDU talabasi edim. Axborot va sport bo‘lim mudiri Anvar Jo‘raboyev ikkalamizga ham ustozlik qilardi. O‘tgan yillar davomida aka-uka bo‘lib ketdik.

A.Hayitov tahririyatdagi Jamol Tursunov, Aziz Yo‘ldoshev, Normuhammad Sayfiddinov, Habib Temirov, O‘ktam Niyozov kabi yosh jurnalistlar o‘rtasida o‘z o‘rniga ega hamkasb va do‘st edi. Uning tashabbusi bilan bayramlarda bir-birimizning ota-onamizni ziyorat qilardik.

Umuman, Adham akaning ish tutumi, tartib-intizomi, oqibatiga doimo havasda bo‘lganmiz. Ikki  bola bilan ijarada yashashiga qaramasdan ota-onasini yo‘qlashga, ukalariga yo‘l ko‘rsatishga, farzandlarini maktabga olib borishga, tag‘in do‘stlar ijodiy davralariga vaqt va hafsala topardi. Ayniqsa, boshiga musibat tushgan hamkasb va tanishlaridan xabar olishga alohida e’tibor qilardi. Men 30 yildan ko‘proq birga ishlab bu kishining rahbariyatdan dakki eshitganini ko‘rmaganman.

-  Adham Hayitov bilan bir sinfda o‘qiganmiz, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov. – U maktabdaligidanoq muxbir o‘quvchi bo‘lib tanilgandi. “Zarafshon”da bosilgan “Soqoli oqargan ob’yektlar” maqolasi yuzasidan viloyat partiya qo‘mitasi qaror chiqarganini eslayman. Do‘stlarimiz orasida ham samimiyati va oqibatliligiga havas qilardik. Samarqand jurnalistika maktabining yorqin vakillaridan biri edi.

Darvoqe, Adham aka jamoamizning qalqoni edi. To‘g‘riso‘zligi, ko‘nglida borini yuzga ayta olgani uchun hamma u kishining maslahat va o‘gitiga quloq solardi. Ayniqsa, yosh ijodkorlarga qo‘lidan kelgancha yordam berar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi. Bundan tashqari, arzimagan maqolasi bilan xodimlar asabiga tegadigan o‘jar mualliflarga ham Adham aka qo‘rqmasdan tanbeh berib, insofga chaqirardi.

A.Hayitov menga ustozlarni, tahririyatda ishlab, pensiyaga chiqqan hamkasblarimizni, umuman taniqli ziyolilarni yo‘qlab turishni o‘rgatdi. Gazetamiz tarixi bo‘yicha boy material to‘pladi. Matbuot tarixi, “Zarafshon” gazetasi yubileylariga bag‘ishlangan guldastalarini chop etishda bizga katta yordam berdi. Matbuot tarixining jonli qomusi edi.

Adham akaning oilasi ham ibratga munosib. Narpaylik Zarbuvi muallim bilan uch o‘g‘ilni voyaga yetkazdi.

Adham Hayitov agar hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lardi. Ming afsuski, o‘tgan yili u davramizni tark etdi. Ammo u 49 yillik zahmatli mehnati bilan tahririyatda, gazeta tarixida o‘ziga munosib iz qoldirdi.

Farmon Toshev.