Yoshlar yetakchisiga sektor rahbarlari tomonidan xatlov ishlariga jalb qilish bo‘yicha tazyiq o‘tkazilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘qituvchilar va yoshlar yetakchilari sektor rahbarlarining bosimiga uchradi. Ular ommaviy xatlovda” mazmunida murojaat elon qilindi.

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Paxtachi tumanida joriy yilning 28 oktyabr kunidan boshlab mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar va ayollarning ijtimoiy turmush tarzini yaxshilash, ularni qiynab kelayotgan muommolarni bartaraf etish, bandligini ta’minlash, asosiysi, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida sektorlar kesimida tumandagi 59 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 30 172 ta xonadonlarda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish hamda elektron bazaga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Joylarda o‘tayotgan xatlov jarayonlariga “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha Respublika namunaviy ishchi guruhiga yoshlar yetakchisi kiritilganligi uchun ixtiyoriylik asosida faqatgina umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yoshlar yetakchilari jalb qilingan.

Birorta yoshlar yetakchisiga sektor rahbarlari tomonidan xatlov ishlariga jalb qilish bo‘yicha topshiriq va tazyiq o‘tkazilmagan.

3 noyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi o‘tkazgan ochiq muloqotda yetakchilar tomonidan norozilik kayfiyatidagi murojaat bildirilmagan. Ushbu uchrashuvda mas’ullar tomonidan murojaatlar bo‘lsa, aytilishi va ularni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlangan.

Shu o‘rinda, mazkur xatlov jarayonlari mamlakatimiz aholisining asosiy qatlamini tashkil etuvchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan amaliy ishlarning uzviy davomi ekanligini, yoshlar yetakchisining sektor rahbarlari va boshqa shaxslar tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini, shu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi hamda yoshlar ittifoqining viloyat kengashiga murojaat qilishlari lozimligini so‘raymiz, deyiladi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotida.

Murojaat uchun telefonlar:

(66) 233-40-56

(66) 233-47-29