Yoshlar ittifoqi yetakchisi ijaraga olgan sexida qalbaki pullar ishlab chiqarayotgani aniqlandi
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani, Qo‘riq qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlanmagan, maktabda yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lib ishlovchi B.A. qalbaki pullar ishlab chiqarayotgani aniqlandi.
Gap shundaki, u Kasbi tumani Mug‘lon MFY hududidagi o‘zi ijaraga olgan tikuvchilik sexida turli xil kupyuradagi qalbaki pullarni yasash bilan shug‘ullanib kelgan. Undan 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuradagi pullar, rangli printerdan to‘liq chiqarilmagan 84 dona 50.000 so‘mlik kupyuradagi pullar, “EPSON” rusumli rangli printer va “LENOVA” rusumli noutbuk tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat viloyat IIB JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Kasbi tumani IIB JQB tezkor vakillari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, B.A.dan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan AV0304117 seriya raqamli 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuralar “Davlat belgisi” korxonasida tayyorlanmaganligi va undan hujjatlashtirib olingan AV0304117 seriya raqamli 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuralar rangli purkagichli printer yordamida tayyorlanganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kasbi tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan B.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.