Yoshlar – kelajak. Kelajak esa quyoshni yetaklab kelayotgan tong. Yoshlarni ruhan cho‘ktirish – o‘z tomiriga bolta urish yoki oppoq tongga tosh otish bilan barobar
Ushbu betakror falsafiy fikrlar ko‘pchilik qalbida abadiy qolgan navoiyshunos olim, yetuk shoir, alloma Vohid Abdullayevga tegishli.
Vohid Abdullayev 1912 yil 15 mayda Samarqand shahrida tavallud topdi. Farg‘ona davlat pedagogika institutida, so‘ngra Moskvada va Toshkentda aspiranturada tahsil oldi.
1935-1943 yillarda Buxoro va Samarqanddagi pedagogika institutlarida kafedra mudiri bo‘lib ishladi. 1944 yildan 1963 yilgacha va 1970 yildan 1985 yilgacha Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti, mudiri bo‘lib ishladi. 1963-1970 yillarda universitet rektori bo‘ldi.
1941 yil fanda birinchi bo‘lib “Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. “Alisher Navoiy Samarqandda”, “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Asrlar nafasi”, “Miriy va uning zamondoshlari” (B.Valixo‘jayev bilan hamkorlikda) kabi asarlar va 250 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar e’lon qildi.
Iste’dodli shoir, nasrnavis sifatida “Samarqand sayli”, “Bedor qo‘shiqlar” she’riy to‘plamlari, “Yangilik yarashadi”, “Madadkor eshelon” kabi risola va hujjatli qissalarini ham meros qoldirdi.
Vafotidan so‘ng Samarqandda “Vohid Abdullayevich Abdullayev” (1987), “Ezgulik umr mazmuni” (1992), Toshkentda “Adabiyot ilmining allomasi” xotira asarlari chop qilindi, maktablarga, ko‘chalarga uning nomi berildi.
Vohid Abdulla 1985 yilda vafot etdi.