Yoshlar oyligi: "Vatanparvarlik karvoni" yo‘lga chiqdi

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda 30 iyun – “Yoshlar kuni” oldidan “Yoshlar oyligi” doirasidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida festivallar, seminarlar, ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etilmoqda.

Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qismdan yo‘lga chiqqan “Vatanparvarlik karvoni” Toyloq tumanida bo‘ldi. Harbiy xizmatchilardan iborat “karvon” hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar agentligi faollari va tuman yoshlari ishtirokida harbiy vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan aholi va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida tuman markaziy ko‘chalari bo‘ylab “besh ming qadam” aqsiyasi doirasida yurish marafoni o‘tkazildi.

Tumandagi istirohat bog‘ida Samarqand garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestrining ona Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari bilan festivalga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Tadbir ishtirokchilarida ajdodlarimizning jasorati haqida hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlar, faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari va qo‘l jangi san’atidan namunalar ishtirokchilarda katta taaccurot qoldirdi. 

’’Karvon’’ boshqa tumanlar bo‘ylab  yo‘lida davom etadi.

***

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Bulung‘ur, Payariq tumanlarida yoshlar velomarafonlari o‘tkazildi.

Qo‘shrabot tumanida “Vatan taqdiri mening taqdirimda” loyihasi, Urgutda "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi, Oqdaryoda sportning erkin kurash turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Jomboy tumanidagi “Afrosiyob jeans” korxonasiga “Biznes sayohat” amalga oshirildi.

To‘lqin Siddiqov.