Yoshlar o‘z hududidagi barcha sport maydonlaridan foydalanishi mumkin

O‘tgan hafta Zarnews.uz sayti orqali "Mahallangizda farzandingiz sportning biror turi bilan shug‘ullanadimi? Buning uchun qanday sharoit bor?" savollari asosida ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan edik.

So‘rov yakunlari yuzasidan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev shunday izoh berdi:

– Viloyatimizda tadbirkorlar tomonidan qurilgan 300 dan ortiq sun’iy qoplamali futbol maydonlari mavjud. Ularning har biri ma’lum bir vaqtda mahalla bolalari uchun bepul xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Ta’lim muassasalari hududidagi tadbirkor tomonidan bunyod etilgan stadionlardan faqat dars vaqtida beminnat foydalanish mumkin. Darsdan tashqari vaqt­larda esa bu maydonlarda pullik xizmatlar joriy etilgan.

So‘rovda ko‘pchilik mahallamizda birorta ham sport seksiyasi yo‘q, deb belgilagan. Ammo viloyatimiz bo‘yicha 5 ming 555 ta  ochiq va yopiq sport inshootlari bor. Ushbu sport inshootlaridagi to‘garaklarga ham a’zo bo‘lish mumkin.

Ayni kunlarda viloyat bo‘yicha beshta ixtisoslashtirilgan, 21 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Samarqand va Toyloq ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, viloyat bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi, "Dinamo+" professional futbol klubi tasarrufidagi maxsus futbol maktabi mavjud. Bu inshootlarda 13 mingga yaqin sport to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.