Ijtimoiy so‘rov natijalari yuzasidan Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sa’dinova izoh berdi

O‘tgan hafta zarnews.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘rtasida  "Farzandingizni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishda qanday muammoga uchrayapsiz?", degan savol bilan  ijtimoiy so‘rov o‘tkazdik.

So‘rov natijalari yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sa’dinova quyidagicha izoh berdi:

- To‘g‘ri, davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga navbatga qo‘yishda muammolar bor.  Chunki bolalarni bog‘chaga qamrab olish uchun yetarlicha o‘rin yaratilmagan. Bugungi kunda 305 ming nafar  3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning  74 mingtasi davlat  maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya olmoqda. Joriy yilda  davlat - xususiy sheriklik asosida, oilaviy hamda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish hisobiga 75 mingta o‘rin yaratish rejalashtirilgan.

Bog‘chalarda asosan yilning may-avgust oylarida, bolalar maktablarga chiqayotganda joy bo‘shaydi. Bu ham ota-onalarning oylab navbat kutishiga sabab bo‘lyapti. Shuni ta’kidlash lozimki,  Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi "Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, bolalar davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali or­qali ro‘yxatga olinadi. Ushbu organlarning veb-saytida muassasalardagi o‘rinlar soni va bo‘sh o‘rinlar mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlar har oyda yangilanadi. Ko‘p hollarda ota-onalar navbatga ahamiyat berishmaydi. Vaholanki, shu hududdagi boshqa bog‘chada bo‘sh o‘rin bo‘lishi ham mumkin. Yoki imtiyozlardan foydalanilmagan holatlar ham uchraydi. Yuqoridagi qarorga ko‘ra,  nogironligi  bo‘lgan shaxslarning,  uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning, harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, talabalar va pedagoglarning, yetim bolalar yoki ota-ona qarovisiz qolgan, boshqa muassasalardan o‘tkazilgan,  akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar navbatsiz yo‘llanma olish imkoniyatiga ega.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.