Yoshlar parlamentining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining videokonferensaloqa tarzida birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida Senat huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga asosan Senat Kengashi tomonidan Yoshlar parlamenti a’zolari tasdiqlandi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev Yoshlar parlamenti a’zolarini samimiy qutlab, turli yo‘nalishlarda Vatanga sadoqat bilan ishlayotgan, ta’lim olayotgan, tashabbuskor, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega o‘g‘il-qizlar ushbu tuzilmadan joy olganini ta’kidladi.
– Yelkangizdagi ulkan mas’uliyatni chuqur his qilib, bildirilgan yuksak ishonchni oqlashingizga, yurtimizdagi millionlab yoshlarning yuqori palatadagi munosib vakili bo‘lishingizga ishonamiz, – dedi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev. - Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlar nafaqat ertaning bunyodkori, balki bugunning hal qiluvchi kuchi sifatida o‘zlarini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yoshlar parlamentining komissiyalari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus asosida yo‘nalishlarga ajratilgan. Ishonamizki, Komissiyalar a’zolari o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishda beshta muhim tashabbusning chinakam xalq harakatiga aylanishiga ham munosib hissa qo‘shadilar. Yoshlar parlamenti o‘g‘il-qizlarimizning o‘z fikrlarini baralla aytishi uchun yuksak minbar bo‘lishiga ishonch bildiriib, ularning har biri o‘z hududidagi yoshlarga tegishli muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, yechimlari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Bu borada ularga kuch-quvvat tilayman.
Tadbirda kun tartibidagi masala – Yoshlar parlamenti raisi lavozimiga Mohistara Muhammadyunusova nomzodi ko‘rib chiqildi.
Mohistara Muhammadyunusova 1995 yil Andijon viloyati Marhamat tumanida tavallud topgan. U BMTning yuksak minbarlarida dadil chiqishlar qilgan shijoatli yoshlardan biri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent shahridagi Vebster (Webster) universitetida tahsil olgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ingliz tili bo‘yicha trener koordinatori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti metodik ta’minot bo‘limi bosh mutaxassisi, ushbu institutning ilmiy bo‘limi bosh ilmiy xodimi, Respublika “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori bo‘lib faoliyat yuritgan. Shuningdek, Stenford universitetida tashkil etilgan “Xalqaro ayollar salomatligi va inson huquqlari” kursi tinglovchisi ham hisoblanadi.
M.Muhammadyunusova Yoshlar parlamenti raisi sifatida bir ovozdan ma’qullandi.
Majlisda Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari – komissiya raislarini va Yoshlar parlamenti kotibini saylash, Yoshlar parlamenti Reglamenti hamda ish rejasi loyihalarini ishlab chiqish va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.