"Yoshlar press klubi"ning navbatdagi sessiyasi Samarqandda o‘tkazildi

Kecha Samarqandda Samarqand viloyati hokimi, 1-sektor rahbari Erkinjon Turdimov, viloyati prokurori, 2-sektor rahbari Ravshan Masharipov, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Shavkat Rahmonov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Aloviddin Inag‘omov va yoshlar ishtirokida "Yoshlar press klubi" sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ishtirokida 2020 yil 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan “Yoshlar forumi” va shu yil 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan press-klub munozarali, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

Tadbirga har bir tuman va shahardan 2 nafardan muammolari mavjud yoshlar hamda startap loyihalarini amalga oshirish istagida yurgan faol yigit-qizlar taklif etildi.

Sektor rahbarlari jurnalist va blogerlarning savollariga javob berish bilan birga yoshlarning muammo va takliflarini diqqat bilan tinglab, yechimini topish choralari ko‘rdi.

- 2020 yilda "Hokim va yoshlar" uchrashuvida viloyat hokimidan samarqandlik ijodkor yoshlarning to‘plamini chop etishga yordam so‘ragandim, - deydi Abbos Shodmonqulov. – Bugungi tadbirda, avvalgi murojaatim hal etilgani uchun tashakkur izhori sifatida chop etilgan “Ilk qadam” nomli kitobimizni to‘rt sektor rahbariga sovg‘a qildim. Shuningdek, bepul to‘garaklar, mushoiralar, kitobxonlik kechalari o‘tkaziladigan, umuman, yosh ijodkorlarni birlashtiradigan klub tashkil qilish taklifini o‘rtaga tashladim. Rahbarlar bu taklifimni ham ma’qullashdi. 

Tadbir davomida 27 ta murojaat tinglandi va ularning yechimi bo‘yicha shu yerning o‘zida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Press klub so‘ngida yigit-qizlarga kitoblar sovg‘a qilindi va yoshlar sektor rahbarlari bilan esdalik uchun suratga tushishdi.

Dildora Muhammadiyeva.