Hovuchi shokoladga to‘la o‘qituvchi yoxud an’anaga aylanayotgan “trend”lar
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shu mavzudagi videotasvirlarga ilk bor ko‘zim tushganida, o‘sha o‘quvchilarning bu qilig‘i an’anaga aylanib ketmasaydi, degan o‘y xayolimdan o‘tgandi. Afsuski, shunday bo‘lyapti.
Yaqinda bir kishi katta do‘konning shokolodlar sotiladigan qismida turib, ovozi balandlangan telefoni orqali turmush o‘rtog‘i bilan gaplashayotganiga guvoh bo‘ldim.
- Ayasi, plitkali shokolad olayinmi yoki...
- Plitkaligidan oling-da. Ustozning qo‘lidan yumalab tushib ketmaydiganidan.
- Xo‘p, xo‘p!
- 2 ta bir xil oling, kichkintoyingizgayam.
- Ha, albatta, ungayam olaman, lekin boshqachasidan, chunki u plitkaligini xush ko‘rmaydi.
- O‘zigamas, uning ham ustoziga.
- Nima? U hali boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lsa. Ularga umuman yarashmaydi-yey.
- Yarashadimi, yarashmaydimi, ota-onalar guruhida shu muhokama bo‘lyapti.
- Hech kim qarshi chiqmayaptimi?
- Chiqyapti, lekin shu “trend”ni amalga oshirishni ko‘pchilik ma’qullayapti.
- E, “trend”laringniyam...
Telefon ekranidagi qizil tugmani bosib, o‘rtacha narxdagi ikkita shokoladni qo‘liga oldi. Uni kuzatib turgan yana bir erkak kishi ham xuddi shunday shokoladdan 3 dona qo‘liga olib, kulibgina dedi:
- Boyagina bizning xonadonimizda ham shu masala muhokama qilindi. Yuqori sinf o‘quvchilarining fahmi yetib-yetmay, shunday bema’ni qiliqlarni an’anaga aylantirayotganiga ko‘z yumsa bo‘lar, ammo boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ota-onalari tashabbus qilayotgani aqlga sig‘maydi. Men ham ayolimga nima kerak shu “trend”, deganimda, ayrim onalar ustoz bundan ham zo‘rlariga loyiq ekanligini aytishyapti, dedi.
To‘g‘ri, ustoz bundan-da yaxshi sovg‘alarga loyiq. Ammo hovuchiga 30-40 ta shokolad qo‘yish har qanday ustozni xursand qiladi, deb o‘ylamayman. Shuning o‘rniga bittadan kitob sovg‘a qilsa, ustozining sinf yoki shaxsiy kutubxonasi anchagina boyib qolmaydimi?
Bu “trend” qanday ahamiyatga ega? Ba’zi ustozlar uchun yoqimlidir, ammo aksariyat o‘qituvchilar bunday e’tiborni xushlamasligi tabiiy, menimcha.
1-2 yil avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bir ustozning tashabbusi bilan o‘quvchilar ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ularni yaxshi ko‘rishini bildirish ma’nosidagi videorolik qaysidir ma’noda tarbiyaviy ahamiyatga ega edi. Balki bu holat ayrimlarni ota-onasiga mehrli bo‘lishga undagandir, lekin ba’zi hollarda ayrim ota-onalar xursand bo‘lish o‘rniga xavotirga tushib qolganlariga ham guvoh bo‘ldik. Masalan, o‘smir qizidan birinchi bor “Dada, sizni yaxshi ko‘raman”, degan gapni eshitishi mehribon otani qanday ahvolga solishni o‘ylab ko‘ring. Yana bu gapni yig‘i aralash aytib, telefonni o‘chirib qo‘ysa... Xavotirga tushgan ota ming bir xayollar bilan o‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qilish uchun qayta-qayta urinsa-yu, barcha urinishlari zoye ketsa...
Shuningdek, yana bir “trend” – o‘quvchi qizlar ustoziga gul berishning yangi “usul”ini o‘ylab topgani. Nima emish, avval bir-birlari bilan yolg‘ondan janjallashib, ur-yiqit qilib turgan holatni o‘qituvchiga ko‘z-ko‘z qilarmish. Buni ko‘rgan ustoz albatta ularni ajratish uchun yuguradi. “Janjalkash” shogirdlarining yoniga yetib borguncha boshida ming bir tashvishi bo‘lgan muallimga bu asabiylashish ortiqchalik qilmaydimi? Agar u tez-tez qon bosimi ko‘tarilib turadigan o‘qituvchi bo‘lsa-chi? O‘quvchilarning o‘ylab topgan bu qilig‘i sabab ustozga biror kor-hol bo‘lib qolsa, keyin sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan gullarini boshlariga yostiq qiladimi?
Aksariyat yoshlarimiz tunda ko‘zlari uyquga ketgunga qadar qo‘lidagi uyali aloqa vositasiga tikiladi. Yana har tong uyg‘onishi bilan telefoniga yopishadi. U orqali ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan videoroliklarni berilib tomosha qiladi, tahdidlarga e’tibor qilmaydi. Aslida chetdan kirib kelayotgan bu kabi “trend”larning mahalliylashib, an’anaga aylanib ketayotganiga kim aybdor?
To‘lqin SIDDIQOV.