Yoshlar shunchaki kun o‘tkazish uchun yashashi kerak emas
Yoshlarga sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Ochig‘ini aytish kerak, bunday gaplarning ko‘pi umumiy, balandparvoz. Yoshlarga joni achiydigan odam umumiy gaplardan qochib, ularni bugun o‘ylantirib, qiynab turgan muammolarni hal etish haqida gapirishi kerak. Shunda holat yaxshilanadi.
Prezidentimiz rahbarligida 14 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash bilan aniq masalalar muhokama etildi, vazifalar qo‘yildi. Endi ijro hokimiyati, mutasaddi tashkilotlar bu masalaga munosabatni tubdan o‘zgartirishi kerak.
Yarim yildan buyon dunyoning aksariyat mamlakatlarida pandemiya sababli qator iqtisodiy muammolar yuzaga keldi. Karantin sharoitida yuzaga kelgan hozirgi murakkab davrda ishsizlar soni sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun bugun mamlakatimizda ham aholining daromad manbaini yaratish masalasi nihoyatda dolzarb masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Biz deputatlar ham bu boradagi ishlarni amalga oshirishga mas’ulmiz.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlar ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Albatta, bunga shunchaki raqam sifatida qaramasligimiz kerak, balki shuncha yoshning, shuncha xotin-qizlarning hayotini o‘zgartirish, ularning orzu-maqsadlariga erishishi uchun yo‘l ochish, ko‘mak berish vazifasi oldimizda turganini o‘ylashimiz kerak. Xoh tadbirkor bo‘laylik, xoh hukumat vakili, xoh deputat bu masalani hal etishga javobgarmiz.
Hududlarda o‘rganishlar, aholi bilan olib borilgan muloqotlar jarayonida guvohi bo‘ldikki, ishsizlarning ko‘pchiligini yoshlar, turmushda qiyinchiliklarga duch kelgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qilmoqda. Har bir insonga nimagadir qiziqish bo‘ladi, u shunga qarab kasb-korga ega bo‘ladi. Bu qiziqish vaqtida aniqlanib, to‘g‘ri yo‘naltirilsa, fuqaroga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi.
Endilikda maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Ushbu tizim aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
Bularning barchasi partiyamizning dasturiy maqsadlariga mos va hamohangdir. Demak, siyosiy partiyalarga, parlament va deputatlarga berilgan qonuniy huquq va imkoniyatlardan foydalangan holda, jarayonda faol ishtirok etishimiz, bu bo‘yicha doimiy monitoring o‘rnatishimiz talab etiladi. Mehnat bozoridagi haqiqiy ahvolni muntazam ravishda o‘rganib, parlament darajasida muhokama qilishimiz, asosiysi, bunday muhokamalardagi natija uchun kurashishimiz zarur.
Sherbek BO‘RONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.