Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlar uchun harbiy qismda ochiq eshiklar kuni

Past Darg‘om tumandagi harbiy qismda yoshlar oyligi doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.

Yoshlar ittifoqi Past Darg‘om tuman kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda bir guruh yoshlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan tanishdi, soha bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Shu yerning o‘zida harbiy xizmatchilar uchun kitob savdo yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, yoshlar ittifoqi harbiy xizmatchilarga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.

- Bunday qurol-aslahalarni men televizorda, rasmlarda ko‘rganman, - deydi 36-umumta’lim maktab o‘quvchisi Oybek Hamroqulov. – Do‘stlarim bilan birga bu yerga kelganimdan xursandman. Sababi, harbiy shifokor bo‘lish orzuim bugun qat’iy maqsadga aylandi. Buning uchun a’lo baholarga o‘qib, askar akalarim kabi Vatanga sidqidildan xizmat qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.