Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlarga internetdan to‘g‘ri foydalanishni kim, qachon o‘rgatadi?

Internet – katta bir bozor. Bu yerdan xaridor o‘ziga kerakli barcha narsani topadi. Ushbu global tarmoq orqali istalgan fotosuratni, videoni, filmni ko‘rish yoki unda o‘zaro muloqot qilish, turli mavzuda fikr almashish mumkin.

Rosti, dunyoning istalgan nuqtasi bilan aloqa o‘rnatish, zarur axborot va ma’lumotlarni olishda internetning o‘rni beqiyos. Ammo uning ham zararli, ma’naviy-axloqiy me’yorlarga javob bermaydigan salbiy tomonlari ham yo‘q emas. Bu haqda gap ketganda, internetning aksariyat foydalanuvchilari bo‘lgan yoshlar ko‘z oldimizga keladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, internet tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanmaslik oqibatida turli ko‘ngilsizliklar avj olmoqda. Xususan, internetda o‘z joniga qasd qilishning oson yo‘llarini targ‘ib kiluvchi 9 mingdan ziyod saytlar mavjud bo‘lsa, 49 foizi kompyuter o‘yinlari, zo‘ravonlik va yovuzlikni targ‘ib qiladi. Ayni vaqtda 40 foizdan ortiq bolalar va o‘smirlar onlayn tarzda tarqatiladigan pornografiya ta’siriga butunlay tobe bo‘lib qolgan. Xalkaro ekspertlar fikricha, dunyo miqyosida 38 foiz bola zo‘ravonlik ruhidagi saytlarga, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarga muntazam kiradi.

Xo‘sh, buning sababi nima?

O‘ylashimcha, yoshlarning internetdan foydalanish borasidagi uquvsizligi kelajagini barbod qilmoqda. Masalan, mamlakatimizda internet tizimidan foydalanuvchilar soni 12 milliondan ortiq bo‘lib, ularning aksariyatini o‘quvchi-yoshlar tashkil qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi sayt va kanallarni kuzatsangiz, 90 foizdan ortig‘i saviyasiz va behayolikni targ‘ib qiladi. Eng dahshati, katta auditoriya mana shu sayt va kanallarda jamlangan. Shuning uchun ham ularda obunachi ko‘p.

Ochig‘i, bugungi kunda bunday pornografik ma’lumotlar ko‘payib bormoqda. Xususan, birgina “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali pornografik video va fototasvirlar shunchalik ko‘p tarqatilar ekanki, bu 2,5 milliard “Facebook” foydalanuvchilarining har biriga kuniga 3 daqiqadan to‘g‘ri keladi. Bu orqali turli yot g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirish, axborot xurujlarini uyushtirish va jamiyatda tartibsizlikni keltirib chiqarish kabi g‘ayriinsoniy ishlarni amalga oshirish mumkin.

Keyingi paytda yurtimizda ham o‘quvchilarning maktabga telefon olib borishi, ijtimoiy tarmoqlarda turli video va suratlarni tarqatishi, oson pul topish maqsadida bukmekerlik o‘yinlar domiga ilinib, yot g‘oyalarga aldanib qolayotgani ko‘p uchrayapti. Chunki, maktablarda internetdan to‘g‘ri foydalanish, uning imkoniyatlari, axborot xurujlari, u orqali kirib keladigan vayronkor g‘oyalar hamda turli tahdidlar haqida yoshlarga ma’lumot beruvchi maxsus fan o‘tilmaydi.

Masalan, Janubiy Koreyada barcha fuqarolar uchun axborot texnologiyalari bepul o‘qitiladi. Shuning uchun ham ular internetdagi turli axborotlarni darrov saralab oladi va axborot xurujlaridan himoyalanadi. Asosiysi, kundalik hayotidagi barcha ishlarni elektron tarzda amalga oshiradi.

Aytmoqchi bo‘lganim, axborot texnologiyalari maktabdan boshlab o‘qitilsa, nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalar  ham ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri, unumli foydalanish va turli axborot xurujlaridan himoyalanishni o‘rganib olarmidi? Balki Janubiy Koreya tajribasini qo‘llarmiz.

Bunga ta’lim sohasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari nima deydi? Siz-chi?

Fazliddin Ro‘ziboyev.