Yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar tarbiyalayapti(mi?)

Yoshlar orasida mobil qurilmalarga mukkasidan ketish kasalligi ildiz otib bo‘ldi. Endi buni tartibga solish mushkul, ammo imkonsiz ham emas.

Bir kuni aftobusda ketayotib, yon o‘rindiqda quloqchin taqib qo‘lidagi mobil qurilmadan ko‘z uzmay ketayotgan yigitga ko‘zim tushdi. Keyingi bekatda avtobusga qo‘lida “paket” ko‘targan bir onaxon chiqib tik turib qoldi. Atrofdagilar “hoy yigitcha, joy bermaysanmi?”, deyishsa ham yigit “eshitmadi”.

Bir amakining turtib qo‘yishi yigitni telefonidan ko‘zini uzishga majbur qildi:

- Kattalarga joy bersang bo‘lardi, birodar. Hali yoshsan-ku, qara, yoningda onang tengi ayol tik turibdi, uyalmaysanmi?

- Uf-f-f, - deya yigit istar-istamay o‘rnidan turdi.

Onaxon bunday muomaladan keyin na o‘tirishini, na turaverishini bilmay xijolatomuz:

- O‘tiravering o‘g‘lim, sizdan joy so‘raganim yo‘q, – dedi.

Yoshlar orasida bunday chiqindi illatlar faqatgina aftobusda uchramayaptida. Ovqatlanish shoxobchalarida, do‘konlarda, bozorlarda, ta’lim dargohlarida quloqchin taqib yurish urfga aylandi. Barcha jamoat transportlarida kattalarga, nogironlarga o‘rin bo‘shatib berishdan ko‘ra, ko‘zni yumib olishni maqul ko‘rayotgan tengdoshlarimiz soni ko‘paymoqda.

Xo‘sh, nega bu ahvolga keldik? Buning sababi, bizni oila, mahalla, jamiyat emas, ijtimoiy tarmoqlar tarbiyalayotganida, deb o‘ylayman.

Bizni ichimizdan kemirayotgan illatlardan qutulish birdan-bir yo‘li - oilada sog‘lom muhitni yaratish, ajdodlarimizdan qolgan tartib-intizomni farzandlarimizga uqtirish. Ijtimoiy tarmoqlar cheksiz ummonga aylandi. Qachonki, yoshlar ongida madaniyatni, ma’rifatni, ma’naviyatni shakllantirsak, dunyo madaniyatining taraqqiyotimizga hissa qo‘shadigan jihatlarini olsakkina, yutuq bizda bo‘ladi.

Bokira MAHMAYuSUPOVA,

SamDChTI talabasi.