Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi tugadi va kelgusi mavsumga tayyorgarlik boshlandi

Yozgi ta’til tugab, bolajonlarimiz yana qadrdon maktablarida yangi o‘quv yilini boshladi.
Ta’til paytida ularni sog‘lomlashtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.
Joriy yilgi mavsumda viloyatimizdagi 13 ta statsionar oromgohda 8 ming nafar bolalarni dam oldirish rejalashtirilib, amalda 8473 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Ta’lim maskanlarida yozgi ta’til davrida faoliyat ko‘rsatgan 57 ta kunduzgi oromgohda esa 12800 nafardan ortiq bolalarni qamrab olish rejalashtirilib, bu natijaga ham erishildi.
O‘tgan yil bilan solishtirganda natijalarimiz yaxshi bo‘ldi. Chunki, 2024 yilda so‘nggi davralarda oromgohlarga dam oluvchilarni jalb qilish murakkab bo‘lgan edi va shu sababli belgilangan reja 94 foizga bajarilgandi.
Departamentimiz tizimidagi 10 ta doimiy oromgohda besh davrada 6860 nafar bolajonlar dam olib, ta’tilni maroqli o‘tkazishiga imkoniyat yaratildi. Bu yil ayniqsa, “Bahora”, “Samarqand”, “Chorchinor”, “Kamalak jilosi”, “Quvnoq”, “Qo‘shchinor” oromgohlarida dam oluvchilar har yilgidan ko‘p bo‘ldi. Ota-onalar oromgohlar yo‘llanmalarini to‘liq “Oromgohlar.uz” elektron platformasi orqali xarid qildilar. Bu turli xil korrutsiyaviy holatlar va ovoragarchiliklarning oldini olib, ota-onalarga yo‘llanmalarni shaffof va qulay tarzda onlayn sotib olish imkonini berdi. Shu bois bizga ham qonunga zid holatlar yuzasidan murojaatlar, noroziliklar bo‘lmadi. Yana bir e’tiborli tomoni – bolalarning sog‘lom va sifatli ovqatlanishini ta’minlash maqsadida barcha oromgohlarda autsorsing xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ularning faoliyati, oromgohlarga yetkazib berilayotgan ovqatlar va boshqa xizmatlar departament hamda "Sanepidqo‘mita" hududiy bo‘limlari tomonidan doimiy monitoring qilib borildi. Bu borada oromgohlarda ishlovchi xodimlar, dam oluvchilar va ota-onalar bilan muntazam aloqa o‘rnatib, hamkorlikda ishladik. Joriy yilgi mavsumda oromgohlarda har bir bola uchun bir kunlik ovqatlanish narxi 50 ming 330 so‘m etib belgilangan edi va bu mablag‘ bolalarning sog‘lom, sifatli taomlanishi uchun yetarli bo‘ldi.
Bolalar oromgohlarda bo‘ladigan davrida oziq-ovqat ta’minoti bilan birga ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, ma’naviy olamini boyitish, ta’lim-tarbiya ishlari ham eng muhim masalalalardan hisoblanadi. Bu borada sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari, ma’naviyat va ma’rifat markazlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.
Mavsum oldidan oromgohlarda faoliyat yuritishi belgilangan 60 nafar tarbiyachi, 60 nafar yetakchi va qo‘shimcha 112 nafar zaxira pedagoglar bilan suhbat va o‘quvlar o‘tkazilib, ularning vazifalari, zimmasidagi mas’uliyat tushuntirilgan edi. Bu, albatta, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazishga xizmat qildi.
Bu yil oromgohlarda o‘tkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-sport tadbirlari 12 kunlik namunaviy dastur asosida o‘tkazildi. Har bir kun “Salom, oromgoh!”, “Bolalar festivali kuni”, “Harbiy vatanparvarlik kuni”, “Milliy qadriyatlar kuni”, “Ijod va iste’dod kuni”, “Ona tabiatni asrash kuni”, “Mohir qo‘llar – kasb-hunar kuni” kabi nomlanib, turli tadbirlar, tanlov va musobaqalar tashkil etildi. Bu tadbirlar Yangi O‘zbekiston bolalarini har tomonlama barkamol, jismonan baquvvat, milliy g‘urur va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratildi.
Kitobxon va bilimdon bolajonlar safini kengaytirish maqsadida viloyatimizdagi “Chorchinor”, “Ilm ziyosi”, “Quvnoq”, “Shabnam”, “Bahora”, “Kamalak jilosi” oromgohlarida kutubxonalar tashkil etildi. Mavjud kutubxonalar kitob fondi boyitildi. Bu muassasalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilib, 6 mingga yaqin badiiy adabiyotlar, tarixiy asarlar, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, barcha oromgohlarda mavsum davomida 12 turdagi fan va sport to‘garaklari, “Lego”, “Karaoke”, “Qum”, “Media”, “Til o‘rganish”, “Kubik-rubik” klublari faoliyat olib bordi.
Mavsum davomida oromgohlar faoliyatidagi ayrim kamchiliklar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ham ko‘rinib qoldi va bu borada o‘z oldimizga yangi vazifalarni belgilab oldik. Bu vazifalarni kelgusi mavsumni kutmay, hozirdan bajarishni boshladik. Demoqchimanki, joriy yilgi mavsum tugashi bilan kelgusi mavsumga tayyorgarlikka kirishdik.
Feruza Qilicheva,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i.