Yozish qiyinmi yoki o‘qish? Qayum Sobirovning «O‘zlikni izlab» to‘plamini o‘qib
Bilaman, bu jo‘n savolga saviyasiga qarab har kim har xil javob beradi. Hatto «shuniyam bilmaysizmi?!» deb kinoya qiluvchilar ham topiladi. Ammo ko‘zni aldab bo‘lmaydi: kitobni yozish ham, o‘qish ham noyob hodisa bo‘lib qoldi.
Bu xulosa ham unchalik to‘g‘ri emas. Negaki, kitob do‘koni ko‘paymoqda, kitob chiqarish ham avjida. Ammo aksariyati yo biror sana, tanlov uchun yoziladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ikkita postning biri she’riy. Deyarli hammasi piching.
Ammo eng muhimi, munosabat yo‘q. Munosabat bildirish uchun kitobni yoki biror asarni oxirigacha, lozim paytda takroran o‘qish zarur. Ming afsuski, zamon zayli bilan bu narsaga bizda sabr topilmayapti. Ba’zilar esa katta mukofot va tanlov uchun kitob mutolaa qilayotganga o‘xshab ko‘rinyapti. Kitob targ‘iboti esa taqdimotdan nariga o‘tmayapti. Nazarimda, bu ishda ma’naviy ehtiyoj ko‘zga tashlanmayapti. Buning ustiga «majburiy obuna» degan tushunchani o‘ylab topishdi. Ma’naviy ehtiyojni esa ijtimoiy tarmoq bilan to‘ldirib bo‘lmaydi va uning oqibati ham xatarli ekanini tushunib yetyapmiz.
Q.Sobirov iqtisodchi sifatida faqat davlat, moliya idoralarida ishlab kelayotgan ersada, ayrim safdoshlaridan farqli o‘laroq, xudo bergan iste’dodga ham ega. Muhimi, tinimsiz o‘qiydi, kitobdan saboq, ma’ni qidiradi, fikrini qog‘ozda bayon qila oladi. Iste’dodi, mahorati, intilishi tufayli qissa va hikoyalar yozib, «Otamning izlari», «Yolg‘izoyoq yo‘l» kitoblarini nashr etadi.
«O‘zlikni izlab» nomiga munosib kitob bo‘libdi. Muallif o‘zlikni izlash jarayonidagi hayot, aniqrog‘i, sizu biz har kuni duch kelayotgan voqealarni qalamga olgan. Muallif ularning har biriga munosabat bildirgan. Mana ularning bittasi: Oila qurgandan keyin yoshlarning har to‘kisda bir aybini topib, “... biz unday edik, biz bunday qilardik, hozirgilar u, aslida bu...» kabi mayda-chuyda gaplar bilan ularni chalg‘imaslik, o‘zimizdan va hayotdan bezdirmaslik lozim. Aksincha, dasturxon to‘rida, suhbatlarda, davralarda, ma’raka-mavludlarda muqaddas dinimiz ahkomlari, sunnatga rioya etish, ulug‘ ulamolarimiz hayotlaridan namuna keltirib borilsa, yaxshi bo‘ladi.
184 sahifalik to‘plamda ziyolini ham, oddiy kishini ham qiziqtiruvchi mavzular yetarli. Sarlavhalar ham shunga mos: «Har yigitning aslin bilay desangiz», «Qosim boboning tuzi», «Jazo», «Kibr va qasos», «Ziroat nima?», «Rahnamo». Ayrim hikoyalarda publitsistik ruh bilan birga badiiy mahorat ham sezilib turadi. Ifoda va xulosalarga muallif mehri, hayajoni, farosati singdirilgan. Xalqona uslubda yozilgani uchun har bir hikoya va qaydni qiziqish bilan o‘qiysiz.
Professor Mamayunus Pardayev bilan suhbat muallif ichki dunyosining aksi bo‘libdi desam, xato qilmayman. Jumladan, domlaning «Baxt nima?» degan savoliga Q.Sobirov «Baxt, bu – nisbiy tushuncha. Uning aniq bir chegarasi yoki mezoni yo‘q. Kimdir g‘aribgina kulbasida baxtli, kimdir hashamatli uyida baxtsiz. Yana kimdir oddiy velosipedi bor uchun baxtli bulsa, yana birovlar qo‘sha-qo‘sha ulovlari bilan baxtsiz» deb javob beradi.
To‘rtliklar va «Bag‘ishlov» she’rida ham insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda uchraydigan ibratdan shodlanadi, illatdan esa dili og‘riydi.
Shaftolidan bog‘ bo‘lmas, derlar,
Nokasga yaxshi gap kor qilmas, derlar.
Yoshlik ham g‘animat, ilm ol, o‘rgan,
Yotib yeyishingga tog‘ yetmas, derlar.
Qayum Sobirni yaxshi taniganim uchun badiiy ijodda qadam-baqadam o‘sib borayotganini ko‘rayapman. Va bu mahoratu shijoatga ko‘z tegmasin, deyman. Negaki, ayrimlar oylar davomida o‘n sahifa kitob o‘qishga hafsala topolmayotgan, bir sahifaga fikrini yozib bera olmayotgan bir paytda badiiy ijod bilan shug‘ullanish qanchalik ma’naviy jasorat ekanini yaxshi bilaman.
Farmon Toshev.