YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan 19 nafar huquqbuzar "Damas"chilar ma’muriy qamoqqa olindi
O‘z haqimizni talab qilishdan oldin “O‘zgalar huquqini poymol qilmayapmanmi”, degan savol berishimiz kerak. Bizga foyda keltirgan ish boshqalarga ziyon keltirishi mumkinligini unutmasligimiz lozim.
Marg‘ilon shahar markazidagi Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan savdo majmuasi ro‘parasida “Marg‘ilon – Farg‘ona” hamda “Qirguli mavzesi” yo‘nalishlarida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi “Damas” rusumli avtomashina haydovchilari ushbu ko‘chadagi piyodalar o‘tish yo‘lakchasi oldiga hamda yo‘lning qatnov qismiga betartib turib olib, piyodalar va haydovchilarning harakatiga xalal berayotganligi sababli viloyat IIB YHXB xodimlari mazkur tartibsizlikni bartaraf qilish maqsadida yetib kelishadi.
Ammo “Damas” haydovchilari YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlar sodir etishgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bir guruh haydovchilar o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlari bilan nima qilishmoqchi bo‘ldi?
“O‘zim xon - ko‘lankam maydon” qabilida ish tutgan “Damas”chilarni qanday tushunish mumkin?
Axir, mana shunday tartibsiz harakatlar oqibatida piyoda yoki haydovchilar ishtirokida yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lyaptiku?! “Tirikchilik” yoxud boshqa omillarni vaj qilib, qoidabuzarlik qilishga hech kimning haqi yo‘q.
Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan jami 19 nafar huquqbuzar “Damas” haydovchilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Marg‘ilon shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudining qarori bilan 6 nafariga 15 sutka, 8 nafariga 10 sutka, 5 nafariga 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
"Hurmatli fuqarolar! Agarda siz ham yuqoridagi kabi tartibsiz “Damas” haydovchilaridan jabrlangan bo‘lsangiz yoki mana shunday holatlar kuzatilayotganligiga guvoh bo‘lsangiz, hududiy IIBlarga habar berishingizni so‘raymiz.
Barchamiz mana shu osoyishta jamiyatda yashar ekanmiz, uning tinchligi, farovonligi uchun mas’ulligimizni unutmaylik!", deyilgan O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabarida.