Voyaga yetmaganlar “Damas”ni olib qochib, YTH sodir etdi

Tergov departamentining xabariga ko‘ra, 2020 yil 6 fevral kuni soat 10:00 dan 17.00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs 31 yoshli fuqaro S.X.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinasini Olmaliq shahar Oltin zamin ko‘chasidagi uylarning yonidan olib qochib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB xuzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni voyaga yetmagan 16 yoshli B.G. va 17 yoshli Yo.T.lar sodir etganliklari aniqlanib, olib qochilgan avtomashinani Ohangaron tumani hududida boshqarib ketayotganlarida YPX xodimining to‘xtash ishorasiga rioya qilmasdan harakatni davom ettirib, haydovchining malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli YPX avtomashinasi bilan to‘qnashib, olib qochilgan avtomashina yo‘lining chetidagi ariqqa tushib ketishi tufayli to‘xtagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha B.G. va Yo.T.lar protsessual tartibda ushlangan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.